Jamiyat | 13:18 / 16.05.2020
3083
1 daqiqa o‘qiladi

TIV Koreyada O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgani to‘g‘risidagi xabarlarni rad etdi

Koreyada metallni qayta ishlash zavodlaridan birida yuz bergan portlash natijasida O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgani to‘g‘risida xabarlar tarqalgandi.

O‘zbekistonning Koreya Respublikasidagi elchixonasi 2020 yil 15 may kuni Kyongnam provinsiyasidagi metallni qayta ishlash zavodlaridan birida yuz bergan portlash natijasida O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgani to‘g‘risida tarqalgan xabarni rad qildi.

Elchixona konsullik bo‘limi xodimi voqea joyiga tashrif buyurgan, vaziyatni o‘rgangan va Haman tumani (Kyongnam provinsiyasi) huquqni muhofaza qilish organlari vakillari bilan aloqa o‘rnatgan. 

TIV xabariga ko‘ra, mazkur tuman rasmiy organlari vafot etganlar va jarohatlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘qligini tasdiqlagan.

Konsullik-huquqiy departamenti Koreya hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga ular zarurat tug‘ilgan holatlarda Seul shahridagi elchixonaga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tgan: +82-02-574-65-54, +82-02-577-36-60.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid