Jahon | 11:26 / 17.05.2020
15780
2 daqiqa o‘qiladi

Puerto-Rikoda AQSh tarkibiga kirish bo‘yicha referendum o‘tkaziladi

Puerto-Rikoda AQSh tarkibiga yangi shtat bo‘lib kirish masalasi bo‘yicha oltinchi marta referendum o‘tkaziladi. Ovoz berish noyabrda bo‘lib o‘tadi, ammo Puerto-Rikoning AQShga kirishi bo‘yicha yakuniy qarorni AQSh kongressi qabul qiladi.

Foto: Reuters

Orolning AQShga kirishi masalasi bo‘yicha referendum o‘tkazilishi haqidagi qonunni Puerto-Riko gubernatori Vanda Vaskes imzolagan. Bu haqda Univision telekanali xabar berdi.

Referendum mahalliy saylovlar bilan bir vaqtda bo‘lib o‘tadi, biroq u AQSh ovoz berish natijalarini qabul qilishi kerakligini nazarda tutmaydi. Bu boradagi yakuniy qarorni AQSh kongressi qabul qiladi.

Ayni vaqtda Puerto-Riko AQShga erkin qo‘shilgan va AQSh boshqaruvidagi davlat hisoblanadi.
 
Puerto-Riko AQSh tomonidan 1898 yildagi Ispaniya-Amerika urushi vaqtida anneksiya qilingan. Uning bugungi kundagi xalqaro-huquqiy maqomi ko‘p jihatdan o‘zaro zid hisoblanadi.

Puerto-Riko aholisi rasman AQSh fuqarolari hisoblansa-da, biroq AQSh federal budjetiga soliq to‘lamaydi va prezident saylovlarida ishtirok eta olmaydi.

Oroldagi oliy qonunchilik hokimiyati AQSh kongressiga tegishli hisoblanadi, biroq vakillar palatasida Puerto-Rikoning manfaatlarini ovoz berish huquqiga ega bo‘lmagan komissar-rezident bildiradi.
 
Puerto-Rikoda ijrochilik hokimiyati gubernator qo‘lida mujassamlashgan. Shuningdek, davlat AQSh budjetidan katta miqdorda yordam oladi.

Bunday referendum so‘nggi marta 2017 yil iyunida o‘tkazilgan bo‘lib, o‘shanda referendumga boykott e'lon qilinishi ortidan davomat bor-yo‘g‘i 23 foizni tashkil etgan, bu esa siyosiy jarayon natijasining qonuniyligi yuzasidan muhokamalarni keltirib chiqargan edi. O‘sha referendumda 3 milliondan ortiq aholiga ega Puerto-Rikoning 500 mingdan ziyod fuqarosi AQSh tarkibiga kirishni ma'qullab ovoz bergan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid