Prezident Andijonda ish boshlagan texnoparkni borib ko‘rdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon shahrida Digital City nomli texnopark bilan tanishdi.
«Yaqindagina 5,6 gektar maydonda qurib bitkazilgan ushbu majmua axborot texnologiyalari va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, dasturiy mahsulotlar eksportini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan. Hozirda bu yerga tumanlardan 328 mutaxassis jalb etilgan», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Davlat rahbari yoshlar bilan suhbatda ularni doimiy o‘rganish, izlanishga chorladi.
«Juda to‘g‘ri yo‘lni tanlagansizlar. Bu – serqirra va istiqbolli soha. Sizlar boshqalardan 10-15 yil oldin yurishlaringiz kerak. Eng dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha dasturiy mahsulotlar yaratib, xalqimizga va xorijliklarga qulay xizmatlar ko‘rsatib, ham oilangizga, ham jamiyatimizga naf keltirishingiz mumkin», dedi prezident.
Texnoparkda mahalliy yoshlar, tadbirkorlar, yangi hunar o‘rganish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun keng qulayliklar yaratilgan. Jumladan, kovorking markazi, data-sentr, konferens-zal, kutubxona, innovatsion laboratoriya va o‘quv xonalari, biznes inkubator, media markaz, kibersport xonasi tashkil etilgan.
Tumanlarda axborot texnologiyalari bo‘yicha boshlang‘ich o‘quv kurslari bo‘ladi. Ulardan tanlab olingan yoshlar Digital Cityda intensiv ravishda ingliz tiliga o‘qitilib, IT xizmatlar ko‘rsatishga tayyorlanadi. Texnoparkdagi 76 nafar tinglovchiga mo‘ljallangan zalda yil mobaynida 2 mingdan ortiq kishini o‘qitish mumkin.
Majmuada yotoqxona va oshxona tashkil etib, sharoitlarni yanada yaxshilash, bunday texnoparklarni mamlakatimizning boshqa hududlarida ham ochish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Shu yerda yoshlar bandligini ta'minlash, maktab bitiruvchilarini frilans bozoriga tayyorlash borasidagi ishlar yuzasidan axborot berildi.
Davlat rahbari oliy o‘quv yurtiga kirolmagan yoshlar bilan manzilli ishlash, ularning qiziqish va layoqatini o‘rganib, kasbga yo‘naltirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Mavzuga oid
11:09 / 08.11.2024
Andijonda kottejlar qurish uchun yer hujjatini rasmiylashtirib berish evaziga 230 ming dollar talab qilgan shaxs ushlandi
14:41 / 06.11.2024
5 sotix yerni fuqaroga rasmiylashtirib bermoqchi bo‘lgan ekologiya bo‘limi bosh inspektori 20 ming dollar bilan ushlandi
16:17 / 02.11.2024
Andijonda ishchidan alimentdan qarzini ushlab qolmagan fermer jarimaga tortildi
11:52 / 02.11.2024