O‘zbekiston | 17:00 / 25.05.2020
13320
3 daqiqa o‘qiladi

Bu yil umumta'lim maktablarini 1 millionga yaqin bitiruvchi tamomlamoqda

Xalq ta'limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Erkin Murodov AOKAda o‘tkazilgan brifingda 2019-2020-o‘quv yili rasman yakunlanganini e'lon qildi.

«Bugun respublikadagi barcha umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida 2019-2020 o‘quv yili rasman yakunlandi. Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi sababli e'lon qilingan karantin tufayli «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlari o‘tkazilmadi.

2019-2020 o‘quv yili natijalariga ko‘ra, 490 mingga yaqin o‘quvchi 9-sinfni, 451,3 mingdan ziyod o‘quvchi 11-sinfni bitirdi. 9-sinf bitiruvchilarining bir qismi 2020-2021 yildan qayta tashkil etilayotgan o‘rta-maxsus ta'lim muassasalarida, 11-sinf bitiruvchilari oliy o‘quv yurtida tahsil olishni davom ettiradi. 11-sinf bitiruvchilarining bir qismi (oliy ta'lim muassasalariga qamrab olinmagan) o‘z mehnat faoliyatini boshlaydi.

Vazirlar Mahkamasining «Umumiy o‘rta ta'lim muassasalari va akademik litseylarning iqtidorli bitiruvchilarini oltin va kumush medallar bilan taqdirlash tartibi to‘g‘risida»gi nizomiga ko‘ra, oltin medal umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik to‘g‘risidagi a'lo darajali shahodatnomasi mavjud bo‘lgan, umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining 10- va 11-sinflari hamda akademik litseyda barcha fanlar bo‘yicha yakuniy nazorat, chorak, yillik baholari a'lo bo‘lgan, namunali xulq-atvorli, shuningdek, jamoat ishlarida faollik ko‘rsatgan bitiruvchilarga berilishi belgilangan.

Kumush medal umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik to‘g‘risidagi a'lo darajali shahodatnomasi mavjud bo‘lgan, umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining 10- va 11-sinflarida yoki akademik litseyda barcha fanlar bo‘yicha yillik baholari a'lo bo‘lgan, namunali xulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik ko‘rsatgan bitiruvchilarga beriladi.

«Hududlardan olingan buyurtmalarga asosan, jami 6901 nafar o‘quvchi oltin va kumush medalga da'vogar bo‘lmoqda. Ulardan 4682 nafari oltin medal, 2219 o‘quvchi esa kumush medal sohibi bo‘lishi kutilyapti», dedi vazirlik vakili.

Biroz avvalroq Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatovning «Umumiy o‘rta ta'lim maktablarida 2019–2020-o‘quv yilini yakunlash va o‘quvchilarni attestat (shahodatnoma) bilan ta'minlash to‘g‘risida»gi buyrug‘i e'lon qilingandi. Unga ko‘ra maktab bitiruvchilari 15 iyunga qadar chop etilgan attestatlarning elektron shaklini (skaner) olishadi.

Mavzuga oid