Jamiyat | 16:12 / 26.05.2020
2272
2 daqiqa o‘qiladi

MIB xodimiga tuhmat qilgan fuqaro jazolandi

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasiga ko‘ra, tuhmat qilganlik, ya'ni bila turib yolg‘on, boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatganlik uchun eng kam ish haqining yigirma baravaridan oltmish baravarigacha miqdorda jarima belgilanishi mumkin.

Foto: Majburiy ijro byurosi

Tuhmatga oid ishlar bo‘yicha surishtiruv huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ko‘rib chiqiladi. Tuhmat qilgan shaxsga nisbatan jazo esa tegishli ma'muriy sudning qaroriga muvofiq qo‘llanilishi belgilangan.

J. K. Norin tumanida tug‘ilgan. Endigina 31 yoshni qarshi olgan bu yigit MIBning Mingbuloq tumani davlat ijrochisi va yana 3 nafar fuqaroga qilgan tuhmati uchun tegishli jazosini oldi. 

Aniqlanishicha, J. K. MIB Norin tuman bo‘limining 25.08.2017 yil va 12.03.2018 yildagi “Haqqulobod qurilish savdo kompleks” MChJning mol-mulkni elektron-onlayn auksionda sotish uchun chiqarish to‘g‘risidagi qarorni haqiqiy emas deb topishga erishganini bildirib, videolavha tayyorlab ijtimoiy tarmog‘iga chiqarib yuboradi. 

Mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan surishtiruvlarda fuqaro J. K.ning bu harakati yolg‘on, boshqa shaxslarni sharmanda qiluvchi uydirmaligi ma'lum bo‘ldi. 

O‘z o‘rnida davlat ijrochisiga nisbatan Byuroning Namangan viloyat boshqarmasi Ichki xavfsizlik sho‘'basi tomonidan xizmat tekshiruvi tayinlandi. Tekshiruv yakunlariga ko‘ra davlat ijrochisining nojo‘ya hatti-harakat sodir etmaganligi va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining “Kasb odobnomasi” talablarini buzmaganligi ayon bo‘ldi.

Namangan tuman ma'muriy sudi tomonidan olib borilgan harakatlar davomida fuqaro J. K.ning bila turib yolg‘on, boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatganligi o‘z isbotini topdi. Unga nisbatan ma'muriy sudning qarori e'lon qilinib, O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘rsidagi Kodeksning 40-moddasi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Mavzuga oid