O‘zbekiston | 22:56 / 30.05.2020
49706
4 daqiqa o‘qiladi

Deputat: «O‘zbekiston 24» o‘zgarishi shart

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, «Adolat» SDP fraksiyasi a'zosi Gulbahor Saidg‘aniyeva «O‘zbekiston 24» telekanali borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Foto: adolat.uz

«Mamlakatimizda axborot uzatish, jurnalistika sohasida katta islohotlarga qadam qo‘yildi. Muntazam ravishda rasmiy, ishonchli, aniq ma'lumotlarni kechayu kunduz berib borish, aholini mamlakatdagi jarayonlardan xabardor qilish maqsadida Prezident qarori bilan «O‘zbekiston 24» telekanali tashkil etildi. Telekanal mamlakatdagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy va sport sohalarida yuz berayotgan hodisalarni tezkorlik bilan yoritib borishi, shuningdek, telekanalning xorijda ham muxbirlik punktlariga ega bo‘lishi maqsad qilindi.

 Kuzatib boryapmizki, kanal doimiy ravishda dolzarb mavzularda o‘tkir materiallarni, ko‘rsatuvlarni tayyorlab efirga bermoqda. Rasmiy ma'lumotlar, suhbatlar, brifinglar, kinofilmlarni qiziqish bilan ko‘radiganlar ko‘p. Tomoshabinni mushohadaga chorlovchi ko‘rsatuvlar ham berib borilmoqda», deydi deputat.  

 Gulbahor Saidg‘aniyeva telekanalning barcha xodimlariga, jurnalistlarining mehnatlarini e'tirof etgan holda, doimiy tomoshabin sifatida ayrim mulohazalarini bildirib o‘tgan.

 Uning fikricha, bir necha kun muqaddam ijtimoiy tarmoqlarda «O‘zbekiston 24» telekanalining saviyasi borasida bildirilgan fikrlarning hammasiga qo‘shilib bo‘lmasa-da, umumiy ohangda bildirilgan e'tiroz o‘rinli.  

 «Asosiy e'tirozlar kanalning axborot uzatish sohasida tutgan yo‘liga nisbatan bildirilgan edi. Darhaqiqat, «O‘zbekiston 24» axborot berish tizimini o‘zgartirishi zarur. Kanalning boshqa aksariyat ko‘rsatuvlari haqida umumiy e'tiroz bildirayotganimiz yo‘q, axborot sohasida ham eng ishonchli, rasmiy manba sifatida hurmat qilamiz. Lekin tezkorlik masalasida oqsayotgani namoyon bo‘lib turibdi. Ba'zan ayrim voqea, xabarlar haqida muddati o‘tgandan keyin ham axborot beriladi. Bu vaqtda qanchadan-qancha boshqa xabarlar oqimi tarmoqlarda oqib kelayotgan, jarayonlar kechayotgan bo‘ladi...

 Tanqidiy munosabatlarda tilga olinganidek, go‘yoki jahonda, O‘zbekistonda boshqa hayot oqimi kechayotgandek, «O‘zbekiston 24» da esa tinch, osuda boshqa hayot kechayotgandek tasavvur uyg‘otishi ham mumkin. To‘g‘ri, mamlakatda kechayotgan ijobiy jarayonlarni albatta berish kerak, yutuqlarimizni ko‘rishimiz kerak, odamlarda amaga oshirilayotgan islohotlardan boxabarlik, kelajakka ishonch ruhi paydo bo‘lishi kerak. Shu bilan birgalikda, hayotiy materiallar, kamchiliklarimizni ham ko‘rishimiz kerak. Birov qiyshiq oyna olib bizga tutganidan ko‘ra, to‘g‘ri oynani o‘zimiz olib yuzimizni ko‘raylik», – deb yozadi deputat.

 Uning qayd etishicha, telekanal tahliliy materialga ko‘proq o‘rin bersa, yaxshiroq natijaga erishiladi.

 «Agar xabar tezkorligi, muhimligi jihatidan ahamiyatini yo‘qotgandan keyin ham efirga uzatiladigan bo‘lsa, kimningdir manfaatiga xizmat qilayotganday tasavvur uyg‘otishi ham mumkin.

 Bu kanal ochilganda juda yaxshi maqsadlar qo‘yilgan, 24 soat davomida vatanimizda kechayotgan jarayonlar, yoniq nuqtalardan xabarlar tinimsiz uzatib turilishi nazarda tutilgan. Sohani isloh qilish kerak», deya fikr bildiradi «Adolat» SDP fraksiyasi a'zosi.

 Deputat «O‘zbekiston 24» ning kelajagiga ishonch bildirarkan, «balki kadrlar siyosatini o‘zgartirish kerakdir, balki maqsadlarni boshqacharoq qo‘yish kerakdir. Uni takomillashtirish esa davr talabidir», deya xulosa qilgan.

Mavzuga oid