O‘zbekiston | 09:45 / 10.06.2020
12557
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yangi orden ta'sis etildi

Prezident «Faxriy murabbiy» ordenini ta'sis etish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. 

Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 2020 yil 5 mayda qabul qilingan, Senat tomonidan 2020 yil 11 mayda ma'qullangan.

Qonun bilan «Faxriy murabbiy» ordeni ta'sis etildi va «Faxriy murabbiy» ordeni to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, «Faxriy murabbiy» ordeni bilan yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, ularni yot g‘oyalardan asrash, adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish, yosh avlod vakillarida faol fuqarolik pozitsiyasi va mafkuraviy immunitetni, tashabbuskorlik, fidoyilik va axloqiy fazilatlarni shakllantirishga munosib hissa qo‘shgan, shuningdek o‘zining chuqur bilimi va boy hayotiy tajribasi bilan yordamga muhtoj hamda og‘ir ahvolga tushib qolgan yoshlar va oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ish bilan ta'minlash hamda tadbirkorlikka o‘rgatish, buning uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida barchaga shaxsiy namuna ko‘rsatib kelayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari mukofotlanadi.

«Faxriy murabbiy» ordeni bilan:

yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni turli tahdidlar va yot g‘oyalar ta'siridan himoya qilish, adashgan yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish bo‘yicha manzilli ishlarga ularni vasiylikka olish orqali bevosita hissa qo‘shganligi;

profilaktik hisobda turgan, huquqbuzarlik sodir qilishga va salbiy illatga moyil bo‘lgan yoshlarda sog‘lom dunyoqarashni, Vatanga mehr hamda sadoqat tuyg‘ularini shakllantirishda murabbiy sifatidagi alohida xizmatlari;

uyushmagan yoshlarni hamda kam ta'minlangan, ehtiyojmand va kambag‘al oilalar farzandlarini kasb-hunarlarga o‘rgatish, tadbirkorlik, hunarmandchilik, dehqonchilik va chorvachilikka keng jalb qilib, ularning bandligini ta'minlash borasidagi fidoyiligi;

hududlarda ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirish, oilalarda mehr-oqibat va hamjihatlikni mustahkamlash, notinch va ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarni tiklash, yolg‘iz ayollarga hayotda mustaqil bo‘lishga ko‘mak berish hamda «Sog‘lom oila - sog‘lom jamiyat» degan ezgu g‘oyani ijtimoiy hayotga keng tatbiq etishda ko‘rsatgan jonbozligi;

mahallasida yoshlar uchun beg‘araz asosda maktab, bog‘cha, madaniyat va sport inshootlarini barpo etganligi hamda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishni tashkillashtirishga rahbarlik qilganligi;

tuman va shaharlarni yot g‘oyalardan xoli hududga aylantirishga qaratilgan ijtimoiy va ma'naviy-ma'rifiy ishlarda erishgan yuksak natijalari hamda ibratli faoliyati uchun mukofotlanadi.

«Faxriy murabbiy» ordeni bilan mukofotlangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining qirq baravari miqdoridagi bir martalik pul mukofotini oladi.

«Faxriy murabbiy» ordeni ko‘krakning chap tomoniga taqiladi.

Mavzuga oid