Jahon | 02:10 / 12.06.2020
6423
2 daqiqa o‘qiladi

Bashar Asad Suriya bosh vazirini lavozimidan chetlashtirdi

Imad Xamis. Foto: parstoday.com

Suriya prezidenti Bashar Asad mamlakat bosh vaziri Imad Xamisni egallab turgan lavozimidan ozod qildi. Bu haqda Suriyaning SANA davlat agentligi payshanba kuni kechqurun xabar tarqatgan.

«Prezident Bashar Asad vazirlar kengashi raisi Imad Xamisni egallab turgan lavozimidan ozod qilish to‘g‘risidagi 143-raqamli farmonni imzoladi», deyiladi agentlik xabarida.

Xabarda aytilishicha, bosh vazir vazifasini bajaruvchi etib suv resurslari vazirligi rahbari Hussayn Arnus tayinlangan.

Shuningdek, hukumat 19 iyulga tayinlangan mamlakat Xalq kengashi (parlamenti)ga saylovlar kuniga o‘z vazifasini davom ettirib turadi.

Bosh vazirning almashtirilishi Suriyada iqtisodiy va moliyaviy vaziyat yomonlashuvi fonida ro‘y bermoqda. Asharq Al-Awsat nashriga ko‘ra, AQShning Damashqqa nisbatan sanksiyalari qat'iylashtirilishi milliy valuta — Suriya funtining 1 dollarga nisbatan kursi 1020 dan 2700 funtgacha oshishiga olib kelgan.

7 iyun kuni bosh vazir Xamis va uning hukumati a'zolarining hisoboti xalq kengashida tinglangan. Gazeta xabariga ko‘ra, vazirlar mahkamasi fuqarolarni ijtimoiy manfaatlarini himoya qilishda jur'atsizlik qilgani uchun tanqid ostida qolgan. Deputatlardan biri Umar Uvsiy ishonchsizlik votumi e'lon qilgan. Yana bir deputat Nura ash-Shajriy bosh vazir «parlamentga inqirozdan chiqishning aniq rejasini taqdim eta olmagani»ni ta'kidlagan.

Suriya tashqi ishlar vazirligi AQSh tomonidan sanksiyalarning qat'iylashtirilishini «Suriyaga qarshi e'lon qilingan, qon to‘kilishiga olib kelgan urushning bir qismi bo‘lmish iqtisodiy terror» o‘laroq baholagan.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid