Jamiyat | 16:46 / 14.06.2020
30447
15 daqiqa o‘qiladi

«Zulfiya» mukofoti: e'tirofmi yo imtiyozlar pattasi?

Ijtimoiy tarmoqlarda «Zulfiya» nomidagi davlat mukofoti uchun nomzodlarning saralanish jarayonidagi adolatsizliklar mavzusi yana ko‘tarildi.

Muhokamalarga «Ishonch» gazetasida chop etilgan «Jamiyatga «Zulfiya»chi qizlar kerakmi?» nomli maqola turtki bo‘lib, unda davlat mukofotiga sazovor bo‘lish uchun pulga she'r yozdirish holatlari kuzatilayotgani aytib o‘tilgan.           

«Mukofotga da'vogarlarning barcha harakatlari – ijod ham, qo‘lga kiritilishi niyat qilingan yutuqlar ham «Zulfiyachi» degan maqomga erishish, mukofot ortidagi imtiyozga yetishishga qaratilganday. Hatto bu yo‘lda nomdorroq ijodkorlarga bitta kitobchaga yetgulik – 30-40ta she'r yozib berish evaziga yaxshigina mablag‘ taklif qilgan nomzodlar ham quloqqa chalinib turadi», deyiladi maqolada.

«Zulfiya» nomidagi davlat mukofoti uchun nomzodlarning saralash jarayoniga nisbatan norozilik kayfiyati kecha yoki bugun ko‘tarilayotgan mavzu emas. Avvalroq Kun.uz saytida «E'tirozlar va yana e'tirozlar: «Zulfiya» tanloviga ochiqlik prinsipi begonami?» sarlavhasi ostida maqola e'lon qilingan bo‘lib, unda jamoatchilik faollarining mazkur davlat mukofotining berilish tartibi, laureatlarga berilayotgan imtiyozlar masalasi atrofidagi e'tiroz va takliflari keltirib o‘tilgan.

Maqoladan so‘ng davlat mukofoti uchun nomzodlarni saralashda asosiy ijrochi bo‘lgan Xotin-qizlar qo‘mitasida mazkur e'tirozlar bo‘yicha qo‘mitaning sobiq raisi Tanzila Norboyeva boshchiligida tor doirada muhokama o‘tkazilgan, davlat mukofotini berish tartibini tamomila qayta ko‘rib chiqish va tashkillashtirishga kelishilgan edi.

«Tanlovning o‘tkazilish tartibi xalqda noroziliklarni keltirib chiqaryaptimi, chindan ham ordenni qo‘lga kiritgandan keyin laureatlarni yo‘qotib qo‘yyapmizmi, demak, mukofot uchun nomzodlarni saralash tartibini jiddiy asosda ko‘rib chiqishimiz lozim», – degan edi Tanzila Norboyeva.

Bu masala 2019 yilning iyul oyida ko‘tarilgan bo‘lsa-da, 2020 yilgi taqdirlash marosimi uchun o‘tkazilgan tanlov ham eski ssenariylar asosida o‘tkazildi. Saralashning respublika bosqichi videokuzatuv ostida o‘tkazilgani, taqdirlash marosimidan oldin barcha nomzodlar ishtirokidagi ochiq forumni aytmagan-da, saralash tartibida o‘zgarish bo‘lgani yo‘q.

Tabiiyki, bu yil ham an'anaviy taqdirlash marosimi – 8 martdan keyin yana e'tirozlar kuzatildi, mana bugun e'tirozlar to‘lqini yana harakatga kelishi uchun birgina uchqun yetarli bo‘lmoqda.

Saralash mezonlari shaffof emas

«Zulfiya nomidagi davlat mukofoti to‘g‘risida»gi nizomga ko‘ra, mukofot Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan ikki nafardan vakilga topshiriladi. Davlat mukofoti ta'lim, fan, adabiyot, madaniyat, san'at, sport va jamoatchilik faoliyatida alohida yutuqlarga erishgan 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan iqtidorli qizlarga beriladi.

Mukofotga da'vogar qizlar davlat mukofoti komissiyasi belgilagan tartib asosida so‘nggi 3 yildagi faoliyatida erishgan yutuqlari haqida hujjatlar to‘plamini yig‘ib, taqdim etadi.

Tuman/shahar, viloyat va respublika miqyosidagi saralash jarayonlarida komissiya tomonidan ma'qullangan nomzodlar ro‘yxati Prezident administratsiyasiga kiritiladi. Prezident administratsiyasida tanlanib, g‘olib deb topilgan 28 nafar laureatga ko‘krak nishoni, oliy ta'limning bakalavriat/magistratura bosqichida sinov imtihonlarisiz grant asosida o‘qishga qabul qilinish uchun imtiyoz va bir martalik pul mukofoti (BHMning 50 baravari) beriladi.

Gap shundaki, tuman/shahar, viloyat, respublika bosqichlarida nomzodlar aynan qanday mezonlar asosida saralanishi ma'lum emas, bu haqda mukofot nizomida ham ma'lumot berilmagan. Yakuniy bosqichda nomzodlar ro‘yxati mukofot komissiyasi tomonidan shakllantirilib, Prezident administratsiyasiga taqdim etilgandan so‘ng ham yakuniy g‘oliblar qanday asosida tanlab olinishi hech bir o‘rinda ochiqlanmagan.

Shuningdek, boshqa davlat mukofotlaridan farqli ravishda «Zulfiya» mukofotiga da'vogarning o‘zi hujjat jamlab topshiradi. Bundagi asosiy motiv esa aksar hollarda oliy o‘quv yurtining bakalavriat/magistratura bosqichiga sinov imtihonlarisiz, grant asosida qabul qilinish imtiyozining mavjudligidir. Tabiiyki, natijada, jarayon davlat mukofotiga tavsiya etilishdan ko‘ra, ko‘proq imtiyoz uchun yakkakurash maydoni tusini oladi.

«Administratsiya g‘oliblarni tanlaydi desa, ishtirokchining ko‘z oldida qorong‘ulik gavdalanadi»

Mukofot uchun respublika saralash bosqichida bir necha marotaba qatnashgan ishtirokchi (anonim qolishni istagan holda) jarayonlardagi nomuvofiqlikni quyidagicha izohladi va o‘z takliflarini bildirib o‘tdi:

– Respublika bosqichida komissiya nomzodlar bilan suhbat o‘tkazadi. Ammo bu suhbatning qanchalik ahamiyatga egaligi mavhum. Chunki komissiya nomzodga eng yuqori ballni qo‘ygan taqdirda ham, o‘sha nomzod g‘olib bo‘la olmasligi mumkin – asosiy masala Prezident administratsiyasida hal bo‘ladi.

Administratsiya nomzodlarni adolat asosida tanlashi mumkindir, ammo jarayon shaffof emas. U yerda nomzodlar qaysi mezon asosida saralanishi, g‘olib nega tanlangani, munosib ko‘rilmaganlar qaysi kamchiligi uchun o‘ta olmaganiga hech qanday izoh berilmaydi.

Administratsiya g‘oliblarni tanlaydi desa, ishtirokchining ko‘z oldida qorong‘ulik gavdalanadi. Ko‘p savollar ochiq qolib ketgani bois ham norozilik paydo bo‘ladi. Saralash mezonlarini ochiqlash murakkab jarayon emas, menimcha.

Ikkinchi masala beriladigan imtiyoz bilan bog‘liq. Deylik, «Zulfiya» laureati adabiyotdan zo‘r iste'dod egasi bo‘lishi mumkin, lekin qobiliyat oliy ta'lim muassasasiga imtiyozli ravishda kirish uchun sabab bo‘lmaydi, chunki u yerda bilim talab etiladi. Har kim OTMga bilim uchun qabul qilinishi kerak, qobiliyati uchun emas. «Zulfiya»da g‘oliblik olib bergan iste'dodi bilan OTMga kirgan qiz o‘zi o‘qiyotgan yo‘nalish bo‘yicha yetarli bilimga ega bo‘lmasligi ham mumkin, natijada mukofotning ham obro‘si tushadi. Bunday qizlar talaygina.

Fikrimcha, mukofot laureatlarini boshqacha shaklda taqdirlash –loyihalarini yo‘lga qo‘yish, g‘oyalarini amalga oshirish uchun grant ajratib berish maqbul. Hamma yoppasiga universitetga kirishi emas, har bir laureatga qobiliyatidan kelib chiqqan holda imtiyoz berilishi kerak. Shunda haqiqiy iqtidorlar qolib, grant uchun talashish ham, ortiqcha gap-so‘zlar ham kamayadi.

Nomzoddan talab etiladigan hujjatlar ham ko‘p. Nechtalab taqriz, tavsiyanoma jamlab, papkani «semirtirib» topshirishi kerak. Nomzodlarga qo‘yiladigan talablar eskirgan, ular qayta ko‘rib chiqilishi kerak.

Yana bir jihat, adabiyotda ijod qiladigan va sport bilan shug‘ullanadigan nomzodlar bir xil kesimda ishtirok etadi, vaholanki, ularning imkoniyatlari turlicha. Chunki sportda boshqa yo‘nalishlarga qaraganda salmog‘i yuqori bo‘lgan xalqaro musobaqalarda qatnashish imkoniyati yuqori.

Saralashning respublika bosqichini o‘tkazish uchun nomzodlarni poytaxtga jamlash masalasini ham o‘ylab ko‘rish kerak. Ishtirokchi ikki soatli suhbat uchun uzoq yo‘ldan pul sarflab, charchab (dam olishga Toshkentda joyi bo‘lmasligi mumkin) keladi. Chekkaroq hududlarda yashaydiganlar uchun, nochorroq oila farzandlari uchun yo‘l xarajatlari og‘irlik qilishi, natijada ishtirokdan shunchaki voz kechib qo‘ya qolishi mumkin. Komissiyaning hududlarga borishini tashkil qilgan holda respublika bosqichini o‘tkazish maqsadga muvofiq, menimcha».

Bositxonova «nufuzli mukofotning jang maydoniga aylangani»dan taassuf bildirdi

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Elmira Bositxonova Kun.uz’ga avvalroq bergan intervyusida «Zulfiya» mukofoti atrofidagi norozilik kayfiyatiga o‘z munosabatini bildirib o‘tgan edi.

– Respublika miqyosida tanlangan qizlar ro‘yxati Prezident administratsiyasiga topshiriladi. Bu yog‘iga davlat rahbarining o‘zlari tanlaydi.

Davlat mukofoti – umumiy muhokamadan chiqadigan masala emas. Jamiyat mukofoti bo‘lganda, o‘tirib hamma muhokama qilib, kim zo‘r bo‘lsa, o‘shanga berilgan bo‘lardi. Orden-medal olayotganlar ichidan ko‘pini, san'atkorlardan tashqari, odamlar tanimaydi, nega buni hech kim muhokama qilmaydi?

«Zulfiya» haqida gap ketganda, men boshqa narsadan afsuslanaman – iymonning mustahkam bo‘lmayotganidan. Har yili tuman bosqichi boshlanganda yana hammasi kurash maydoniga aylanmasin deb xavotirga tushaman. Iymoni mustahkam odam kimdir undan yutib chiqsa, omadini bersin, deydi.

Elmira Bositxonova

«Zulfiya»dek nufuzli mukofotning jang maydoniga aylanganidan afsusdaman. Bu yil videokamera qo‘ydik, hamma kuzatdi. Apellyatsiya beradigan bo‘lsa, kameradagi yozuvlarni ko‘rsatib, ekspertlarni chaqirib hal qilinadi. Bu yil 11 marta ishtirok etgan qiz yutib chiqdi.

G‘oliblar tanlangandan keyin norozilar ham bo‘ladi, hamma birdek g‘olib bo‘la olmaydi. Mana shu qolganlarning iymoni mustahkam bo‘lishi uchun ham forum qildik. Ba'zilar biz o‘qidik-ku, bilim oldik-ku, endi o‘qiganimiz nega kerak, deyishadi. Nahotki bilim mukofot uchun olinsa?

Norozi bo‘lgan qizlar bilan gaplashganimda 2-3 nafarining taklifi menga juda ham yoqdi. Misol uchun, viloyatlarda ba'zi tumanlar umuman mukofot olmagan. Buni endi men o‘rganaman, sabab nimadaligini aniqlashtiraman. Saralanganlarning hammasi mukofotga loyiq, lekin yakunda prezident tanlab oladi.

Aziza Umarova: «Davlat mukofotini olishga harakat ildizi sovetcha ma'lumotnomalarga borib taqaladi»

Davlat boshqaruvini modernizatsiyalash bo‘yicha mutaxassis, jamoatchilik faoli Aziza Umarova Facebook sahifasida mazkur davlat mukofotiga tanlov jarayonini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha o‘z takliflarini keltirgan.

– «Zulfiya» mukofoti atrofidagi noroziliklarni ko‘rib, 16 yoshimda shu mukofot uchun saralashning shahar bosqichida ishtirok etganimni esladim. O‘sha paytning o‘zidayoq bu mukofot uchun saralashning aniq metodikasi mavjud emasligi ma'lum edi. Yo‘nalishlarning tushunarsiz (ilm, adabiyot, fan) taqsimoti, bolalar, ularning o‘qituvchilari va ota-onalari to‘planib turishadi, jarayonlar noaniq... Har bir qiz faollar zali sahnasiga chiqib nimanidir qog‘ozdan o‘qib beradi. Hakamlar nimalarnidir qayd qilishadi. Bo‘ldi. Kim va nima uchun yutganini tushunmay ham qoldim. Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, asosiy maqsad mukofotni qo‘lga kiritish va universitetga grant asosida kirish bo‘lgan. Buning uchun hamma narsaga tayyor bo‘lgan ota-onalar ham yetarlicha topiladi.

«Zulfiyachi» qizlar orasida istisno tarzida haqiqiy munosiblar bo‘lishi mumkin, lekin ular shunchalik kamki, bir xil oxangda gapiradigan, bir xil kiyinib olgan qizlar to‘dasi ichida ko‘rinmay ketadi. Taqdirlashdan keyin esa ular haqida eshitmaymiz ham.

Balki «Zulfiya» uchun tanlov shartlarini o‘zgartirish va haqiqiy iste'dodlarni izlab topish kerakdir? Iste'dod egalarini hududlar bo‘yicha qidirish, barcha nomaqbul lazeykalarni bartaraf etish kerakdir... Chin ma'noda aqlli, munosib qizlar ham bor-ku.

Davlat mukofotini qo‘lga kiritish uchun harakat ildizi sovet tipidagi ma'lumotnomalarda «davlat mukofotlari bilan taqdirlangani» degan qismga borib taqaladi. Ishga olishda va lavozimni oshirishda ma'lumotnomadagi shu qismga qarashadi. Mukofot moddiy jihatdan rag‘bat bermasa ham, davlat apparatida xizmat pillapoyasidan ko‘tarilish uchun yordam beradi. Shuning uchun ularni «o‘zlariniki»ga berishadi. Nepotizm shu singari oddiy narsalardan boshlandi.

Harakat bordek, lekin...

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish boshqarmasi boshlig‘i Dilshoda Mirzajonovaga ko‘ra, «Zulfiya» nomidagi davlat mukofoti bilan bog‘liq masalalarga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha hududiy tuzilmalardan takliflar yig‘ilmoqda.

«Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash vazirligi tashkil etilgandan keyin vazirlik faoliyati bilan bog‘liq yo‘nalishlarga taalluqli normativ-huquqiy hujjatlar to‘liq qayta ko‘rib chiqilb, o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Navbati kelganda, «Zulfiya» nomidagi davlat mukofotini berish tartibiga o‘zgartirishlar kiritish masalasi ham ko‘rib chiqiladi. Hozirda hududiy bo‘linmalarimizdan bu borada takliflar yig‘ilmoqda», dedi u.

O‘zgarishlar qanday yo‘nalishlarda va qachon tatbiq etilishi mumkinligi haqida aniq ma'lumotlar taqdim etilgani yo‘q.

«Zulfiya» nomidagi davlat mukofoti mohiyatan iste'dod egalarini taqdirlash, ularni yangi g‘oyalarga ilhomlantirish, o‘zbek ayoli obrazi uchun etalonlarni yaratishni maqsad qiladi. Ammo amalda «Zulfiyachi» degan nom etalonlarni gavdalantiruvchi emas, balki salbiy hissiyotlarni uyg‘otuvchi sababga aylanib qolgani ko‘rinib turgan haqiqat.

Davlat mukofoti o‘z nufuzining qolganini ham yo‘qotib, oddiy imtiyozlar pattasi darajasiga tushib qolmasligi uchun u bilan bog‘liq tashkiliy masalalar chuqur qayta ko‘rib chiqilishi, jamoatchilikning bu boradagi takliflariga quloq tutilishi maqsadga muvofiqdir.

Saodat Abdurahmonova

Mavzuga oid