O‘zbekiston | 23:47 / 15.06.2020
104417
3 daqiqa o‘qiladi

Bugun 3 hududda aholi orasida yangi holatlar qayd etildi

15 iyun kuni O‘zbekistonda 183ta yangi zararlanish holati tasdiqlandi (jami 5263 holat) va 76 nafar bemor sog‘aydi. Shu vaqtgacha 4019 bemorga javob berilgan, 19 kishi vafot etgan, shifoxonalarda 1225 nafar bemor davolanmoqda.

Bugun 7 hududda - Toshkent shahri, Buxoro, Xorazm, Samarqand, Namangan, Navoiy va Toshkent viloyatlarida yangi holatlar qayd etildi. SSV matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev telegramdagi kanalida bemorlar qayd etilishi va sog‘ayishi bo‘yicha ko‘rsatkichlar jadvalini keltirdi.

Bugungi 183 holatdan 144tasi karantin muassasalarida, 29tasi aholi orasida aniqlangan, xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari bo‘lgan 10 kishiga ham virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Aholi orasida (+29)
Aholi orasida eng ko‘p holat Toshkent shahrida qayd etildi - 25 kishi.

Virusdan xoli hudud bo‘lishga yaqin kelgan Samarqandda yana aholi orasida virus aniqlana boshladi - 3ta holat. 

Shuningdek, Xorazm ham aholi orasida yangi holatlar aniqlanayotgan hududlar qatoriga qo‘shildi - 1 kishida virus chiqqan.

Karantin (+144)
Xorijdan kelgach Toshkent viloyatidagi O‘rtasaroy karantin markaziga joylashtirilgan fuqarolar orasida 91 holat aniqlandi.

Toshkent shahrida koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib karantinga olingan 26 kishida virus chiqqan.

Xorazm viloyatida karantindagilardan 9 nafarida virus aniqlangan. Viloyatda bemorlar soni o‘sib bormoqda - shu vaqtgacha 257 kishida kasallik aniqlangan, 233 kishi tuzalib chiqqan, 24 kishi davolanishda.

Buxoro viloyatida yana 7 kishi muloqot orqali virus yuqtirib olgan.

Shuningdek, Navoiy va Namanganda 5 nafardan, Toshkent viloyatida 1 nafar kishi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lganidan keyin karantinga olingach, virusdan zararlangani ma'lum bo‘lgan.

Haydovchilar (+10)
Virusdan zararlanish holati qayd etilgan xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilarining barchasiga Toshkent viloyati hududida tashxis qo‘yilgan.

Tuzalganlar (+76)
Bugun 76 nafar fuqaro sog‘aydi. Shundan 33 nafari Navoiy viloyatidagi, 24 nafari Toshkent shahridagi, 17 nafari Samarqand viloyatidagi, 2 nafari esa Andijon viloyatidagi tibbiyot muassasalarida shifo topishdi. 

Kasallik qayd etilgan jami 5263 nafar bemordan 4019 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 76 foizni tashkil etmoqda.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 1225 nafar bemordan 14 nafari og‘ir, 2 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

Hozirda mamlakatda uy karantinida 27 379 nafar, statsionar karantinda esa 20 963 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi.

Mavzuga oid