Jahon | 20:55 / 15.06.2020
26303
3 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston bosh vaziri iste'fo berdi

Qirg‘iziston bosh vaziri Muhammadkaliy Abilgaziyev radiochastotalarni sotish bilan bog‘liq mojaro sababli iste'foga chiqishga qaror qildi. Bu haqda Qirg‘iziston vazirlar mahkamasi matbuot xizmatida ma'lum qilindi.

May o‘rtasida Qirg‘iziston parlamentida radiochastotalarning noqonuniy sotilishi bo‘yicha mojaro avj olgan. Deputatlarning versiyasiga ko‘ra, 2 ta radiochastota Qirg‘izistonning mobil operatorlaridan biriga 1000 va 700 qirg‘iz somiga sotilgan. Buning natijasida esa davlatga ko‘p milliard somlik zarar yetkazilgan.

Ushbu ish bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoiy ish bo‘yicha Qirg‘iziston davlat aloqa agentligining sobiq direktori Natalya Chernogubova va maxsus xizmatlarning bir qator xodimlari qo‘lga olingan. Parlamentning 20 maydagi yig‘ilishida deputat Janar Akayev bosh vazir ushbu ishga aloqador bo‘lishi mumkinligini aytgan. Akayevning fikricha, radiochastotalar bosh vazirning ruxsatisiz sotilgan bo‘lishi mumkin emas. U yetkazilgan zararni 5 mlrd qirg‘iz somiga baholagan. 

“Mamlakat koronavirus infeksiyasi va uning iqtisodiyot uchun oqibatlariga qarshi kurashayotgan bugungi murakkab sharoitda, hukumat barqaror ishlashi va fuqarolarning to‘liq ishonchiga ega bo‘lishi lozim, mavhumlik esa hukumatning to‘laqonlik ishiga xalaqit qiladi. Bu nuqtayi nazarlardan kelib chiqib, o‘zimdan Qirg‘iziston Respublikasi bosh vaziri vakolatlarini topshirishga qaror qildim”, deb aytgan Abilgaziyev.

Bosh vazir radiochastotalar sotilishi ishi bo‘yicha tergovga bosim o‘tkazishda ayblovlardan qochish maqsadida may oxirida ikki haftalik ta'til olgan. “Men avval ham gapirganman va yana bir bor ta'kidlab o‘tmoqchiman, bu ishga hech qanday aloqam yo‘q, mening nomimga bildirilayotgan ayblovlar hech qanday asosga ega emas. Ikki haftalik ta'tilim davomida tergov idoralari menga birorta savol bilan murojaat qilmadi. Ishonchim komilki, tergov barchasini o‘z o‘rniga qo‘yib, qonunning buzilishidagi haqiqiy aybdorlarni aniqlaydi”, deb davom ettirgan o‘z so‘zlarini Abilgaziyev.

“O‘z ishimda doim halol va ochiq-oydin ishlaganman, umumiy ishga foyda keltirishga harakat qilganman va aminmanki, kelgusida o‘z bilimlarimni va to‘plagan tajribamni mamlakat va jamiyat ravnaqi uchun qo‘llashimga yana imkoniyat bo‘ladi”, deb o‘z so‘zlarini yakunlagan endilikda sobiq bosh vazir. 

Abilgaziyev ushbu lavozimni 2018 yildan beri egallab kelayotgandi.

Mavzuga oid