O‘zbekiston | 08:53 / 16.06.2020
5649
5 daqiqa o‘qiladi

Ko‘p kvartirali uyni saqlash va undan foydalanish qoidalari tasdiqlanadi

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining “Ko‘p kvartirali uyni saqlash va undan foydalanish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi hujjati loyihasi e'lon qilindi.

Qoidalar mulkchilik shaklidan qat'i nazar ko‘p kvartirali uyda (KKU) va ko‘p kvartirali uyga tutash yer uchastkasida umumiy mulkdan foydalanganda va uni saqlaganda majburiy hisoblanadi.

KKU va uyga tutash hududdan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ko‘zda tutilgan tartibda foydalanish va saqlash bilan shug‘ullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar Qoidalarga amal qilinishi uchun javobgar hisoblanadi.

Uy-joy munosabatlarining barcha ishtirokchilari tomonidan mazkur Qoidalarga amal qilinishining davlat nazorati O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi Ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

KKU va uyga tutash hududdan foydalanish va ularni saqlash ostida eng yaxshi uy-joy maishiy sharoitlarni yaratish, muddatidan oldin eskirish va avariyalarning oldini olish maqsadida amalga oshiriladigan nazorat, parvarish va barcha turdagi ta'mirlash bo‘yicha birgalikdagi tashkiliy va texnik tadbirlar tushuniladi.

KKU va uyga tutash hududdan texnik foydalanish va ularni saqlash ishlari uylar, alohida xonalar va bino qismlariga, muhandislik uskunalari tizimlariga, obodonlashtirish, sanitar tozalash, uyga tutash hududlar elementlariga texnik xizmat ko‘rsatish, ko‘rikdan o‘tkazishni, xonalar, konstruksiyalar va muhandislik uskunalaridan foydalanish va ularni saqlash bo‘yicha normativ sharoitlarning (xonalarning harorat, yong‘inga qarshi va sanitariya rejimlari, umumiy foydalanuvdagi joylar, liftlar va hokazolarning yoritilishi, kapital va joriy ta'mirlash ishlari) ta'minlanishini o‘z ichiga oladi.

Binolar va uyga tutash hududlardan foydalanish va ularni saqlashga sarflanadigan xarajatlar ularning texnik holatini hisobga olgan holda rejalashtirilishi kerak.

KKU va uyga tutash hududni boshqarish shakli O‘zbekiston Respublikasining uy-joy qonunchiligiga muvofiq o‘rnatiladi.

KKUni boshqarish bevosita turarjoylar mulkdorlari, shirkat, boshqaruvchi yoki boshqaruvchi tashkilot tomonidan yoki qonunchilikka muvofiq o‘zgacha usulda amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksiga muvofiq KKUdagi turarjoylar va noturarjoylar mulkdorlariga umumiy mulk ulushli mulk huquqida tegishli bo‘ladi, ular umumiy mulkdan va obodonlashtirish elementlariga ega uyga tutash hududdan foydalanish bo‘yicha teng huquqqa ega.

Umumiy mulk KKUdagi turarjoylar va noturarjoylar mulkdorlariga ulushli mulk huquqida ega bo‘ladi, u quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

ushbu uyning umumiy xonalari;

ko‘tarib turuvchi va to‘sib turuvchi konstruksiyalar;

kvartiralararo zinapoya kataklari;

zinapoyalar, liftlar, lift va boshqa shaxtalar;

koridorlar;

texnik qavatlar;

podvallar;

chordoqlar va tomlar;

uy ichidagi muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalar;

xonalar ichida yoki tashqarisida joylashgan va bittadan ortiq xonaga xizmat ko‘rsatadigan mexanik, elektr, sanitariya-texnika va boshqa uskunalar va qurilmalar.

KKU va uyga tutash hudud odamlarning ishonchli va xavfsiz yashashini, individual mulk v umumiy mulkning butligini, atrof-muhit himoyasini ta'minlaydigan soz holatda saqlanishi kerak.

Ushbu maqsadlarda, mulkdorlar yoki ularning nomidan birgalikda boshqaruvchi organlar, saylangan (tayinlangan) shaxslar, liftlar, gaz uskunalari va uy ichidagi gaz tarmoqlaridan tashqari, KKUni saqlash, uning joriy va kapital ta'mirini amalga oshirish ishlarini mustaqil ravishda bajarishga yoki bu ishlarni bajarishni boshqalarga topshirishga haqli.

KKUdagi xonadonlar mulkdorlari liftni montaj qilish, uni foydalanishga kiritish, davriy ko‘rikdan o‘tkazish, texnik xizmat ko‘rsatish hamda texnik ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha ishlarni belgilangan tartibda tashkil qilishlari lozim.

Gaz uskunalari va uy ichidagi gaz tarmoqlariga texnik xizmat ko‘rsatish, tekshirish, ularning joriy va kapital ta'mirini o‘tkazish ishlari Qoidalarning 3-bobi 6-paragrafidagi talablarga muvofiq bajarilishi zarur.

Xonadonlar mulkdorlari O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq KKU yoki uning bir qismini saqlash sifatini nazorat qilish, uning joriy (kapital) ta'miridan keyingi ishlarni qabul qilish huquqini, shuningdek bajarilgan ishlar va taqdim etilgan xizmatlar uchun belgilangan tartibda to‘lovlarni amalga oshirish huquqini birgalikda boshqarish organiga yoki o‘zlari tomonidan saylangan (tayinlangan) shaxsga delegatsiyalashlari mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid