Jahon | 16:10 / 16.06.2020
12686
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoylik harbiylar bilan to‘qnashuvda uch nafar hind askari halok bo‘ldi

To‘qnashuv Hindiston-Xitoy chegarasidagi bahsli hudud hisoblangan Galvan vodiysida sodir bo‘lgan.

Foto: Reuters

Xitoy-Hindiston chegarasidagi Ladakx oblasti sharqida xitoylik harbiylar bilan yuz bergan to‘qnashuv oqibatida uch nafar hind harbiy xizmatchisi halok bo‘ldi. Bu haqda Hindiston armiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

"Galvan vodiysida (Hindiston-Xitoy chegarasidagi bahsli hudud) har ikki tomondan qurbonlar bo‘lishiga olib kelgan qurolli to‘qnashuv sodir bo‘ldi. Hindiston tomonidan bir ofitser va ikki askar halok bo‘ldi", - deyiladi armiya bayonotida.

Xabarda qayd etilishicha, hozirda har ikki tomon harbiy qo‘mondonliklarining yuqori lavozimli vakillari vaziyatni barqarorlashtirish uchun uchrashuv o‘tkazmoqda.

CNN telekanalining ma'lumot berishicha, Xitoy tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Chjao Litszyan "hind qo‘shinlari noqonuniy harakatlar sodir etish maqsadida chegara chizig‘ini ikki marta kesib o‘tishgani hamda ig‘vogarona harakatlarni amalga oshirib, xitoylik harbiy xizmatchilarga hujum uyushtirgani, bu ikki tomon o‘rtasida jiddiy nizoga sabab bo‘lgan"ini aytgan.

Ikki davlat chegaralaridagi keskinlik o‘tgan oyda kuchaydi. Pekin va Dehli bir-birini demarkatsiya chizig‘ini buzib o‘tishda ayblab kelmoqda.

Mavzuga oid