Jamiyat | 13:48 / 19.06.2020
6912
3 daqiqa o‘qiladi

Mahkumlarga qo‘shimcha huquq va erkinliklar beruvchi qonun ma'qullandi

«O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta'minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun Senatning 5-yalpi majlisida ma'qullandi.

Qayd etilishicha, «Jinoyat-ijroiya kodeksi» bundan 23 yil oldin – 1997 yilda qabul qilingan bo‘lib, aksariyat normalari bugungi kun talabiga javob bermaydi. Ma'qullangan yangi qonun kodeksni yangi normalar bilan to‘ldirishni maqsad qiladi.

Mazkur qonun bilan mahkumlarning quyidagi huquq va erkinliklari ta'minlanishi ko‘zda tutilmoqda:

– Voyaga yetmagan mahkumlarning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar bilan uchrashuvlarida cheklovlar bekor qilinmoqda;

– Mahkuma homilador ayollar va bolasi bor ayollar uchun qo‘shimcha huquqlar kiritilmoqda. Ya'ni mahkuma ayollarga voyaga yetmagan bolalari bilan bir yil ichida to‘rt marta muddati besh sutkagacha bo‘lgan uzoq muddatli uchrashuv, shuningdek, manzilli koloniyalarda saqlanayotganlarga esa muassasa hududidan tashqarida yashash imkoniyati bilan uzoq muddatli uchrashuvlar cheklanmagan miqdorda berilmoqda;

– Mahkumlarni jazo o‘tashi davrida adolatli mezonlar asosida rag‘batlantirish choralarini qo‘llash tartibi hamda rag‘batlantirish choralarini qo‘llash komissiyasining ish faoliyati va ularning aniq vazifalari belgilab berilmoqda. Amaldagi kodeksda rag‘batlantirish choralarni qachon va qay tartibda amalga oshirish belgilanmagan edi. Endilikda mahkumlarga rag‘batlantirish choralarini qo‘llash yiliga ikki marta, shuningdek, bayram kunlari munsobati bilan ko‘rib chiqilishi belgilanmoqda. Rag‘batlantiruvchi komissiyaning tarkibiga kimlar kirishi ham aniq ko‘rsatib o‘tilgan;

– Ozodlikdan mahrum qilingan shaxsning xavfsizligiga tahdid yuzaga kelgan taqdirda u o‘z shaxsiy xavfsizligini ta'minlash maqsadidagi ariza, xabar bilan jazoni ijro etish muassasasining har qanday xodimiga og‘zaki yoki yozma murojaat qilishi mumkin. Mahkumning arizasi olinishi zudlik bilan uning xavfsizligi choralarini ko‘rish shartligi belgilandi;

– Mahkumlarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish maqsadida ularni tintuv qilish vaqtida jismoniy kuch va maxsus vositalar asossiz qo‘llanilishining oldi olinmoqda;

– Mahkumlarning iltimosiga ko‘ra, uzoq muddatli uchrashuv qisqa muddatli uchrashuvga, telefon orqali so‘zlashuvga, masofaviy videouchrashuvga almashtirilishi, qisqa muddatli uchrashuv esa masofaviy videouchrashuvga yoki telefon orqali so‘zlashuvga almashtirilishi mumkinligi kiritilmoqda.

Mavzuga oid