Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston Xitoyga yeryong‘oq eksport qilishni boshladi
O‘zbekistondan Xitoyga yeryong‘oq eksport qilish boshlandi. Bu haqda O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi Kun.uz'ga ma'lum qildi.
«Joriy yil may oyidan boshlab Xitoy bozoriga O‘zbekistonda yetishtirilgan yeryong‘oqni eksport qilishni boshlagan «Global Export Company» MChJ va Xitoyning yirik distribyuterlik kompaniyasi o‘rtasida imzolangan shartnomaga ko‘ra Xitoyga 1 million AQSh dollari miqdoriga teng mahsulot yetkazib berildi», deyiladi xabarda.
Ma'lumot uchun, Xitoy nafaqat yeryong‘oq yetishtirish bo‘yicha dunyo yetakchisi, balki uning yirik iste'molchisi ham hisoblanadi. Masalan, 2019 yilda Xitoyning tozalangan yeryong‘oq importi hajmi 405 ming tonnani tashkil etgan. Bu 285 million AQSh dollari miqdoriga teng.
Senegal, Efiopiya, Sudan, Hindiston va AQSh Xitoy bozoriga yeryong‘oq yetkazib beradigan asosiy mamlakatlar edi. Endi esa Xitoyga yeryong‘oq yetkazib beradigan eksportchi davlatlar qatoriga O‘zbekiston ham qo‘shildi.
2019 yil noyabr oyida O‘zdavkarantin va Xitoy bosh bojxona boshqarmasi o‘rtasida Xitoyga o‘zbek yeryong‘og‘i eksport qilinishiga qo‘yiladigan fitosanitar talablar to‘g‘risida protokol imzolangandi. O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi ko‘magida imzolangan bu kelishuv yeryong‘oq eksporti bo‘yicha yo‘nalish ochilishiga imkon yaratdi.
O‘zbekiston elchixonasining ma'lumot berishicha, Xitoy bozariga jami 14 turdagi mahsulotlar eksportini ko‘zda tutadigan fitosanitariya talablari bo‘yicha idoralararo protokollar imzolangan. Ular orasida gilos, qovun, achchiq qalampir, anor, mosh, kunjut, mayiz, quritilgan o‘rik, yong‘oq, achchiq va shirin o‘rik danagi, asal va boshqa mahsulotlar bor.
Mavzuga oid
23:44 / 13.06.2026
Turkiyada qo‘lga olingan xalqaro qidiruvdagi ikki shaxs O‘zbekistonga qaytarildi
08:43 / 11.06.2026
Jahon neft savdosi markazi Osiyoga ko‘chmoqda
22:15 / 09.06.2026
Xitoyda ilk marta odamga cho‘chqaning ikkita buyragi va jigari muvaffaqiyatli ko‘chirib o‘tkazildi
21:33 / 09.06.2026