O‘zbekiston | 18:51 / 22.06.2020
14034
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiyasi tasdiqlandi

O‘zbekiston prezidenti “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

 Farmonga muvofiq, quyidagilar O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalari normalarini bajarish yuzasidan mas'ul davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • xalqaro tashkilotlarning inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha tavsiyalarini amalga oshirishga qaratilgan milliy harakat rejalari (“yo‘l xaritalari”)ning so‘zsiz bajarilishini ta'minlash;
  • qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali BMTning inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalarining tavsiyalarini bajarishga to‘sqinlik qilayotgan sabab va sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish hamda bartaraf etish;
  • O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarini bajarish sohasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasi va fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali hamkorlikni amalga oshirish.

Hujjat bilan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”, BMTning inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari xabarnomalari va qarorlarini ko‘rib chiqish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi davlat organlarining o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. 

Farmon bilan shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

  • a) Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Milliy strategiya va “Yo‘l xaritasi”ning amalga oshirilishi yuzasidan:
  • muntazam monitoring olib borib, chora-tadbirlar sifatli va o‘z vaqtida ijro etilishi bo‘yicha taklif va tavsiyalarni tegishli vazirlik va idoralarga kiritib boradi;
  • doimiy ravishda aniq ko‘rsatkichlar va erishilgan natijalar aks ettirilgan batafsil axborotni o‘z veb-saytida joylashtirib boradi;
  • har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga umumlashtirilgan ma'lumot kiritadi;
  • axborot-tahliliy sharhlar tayyorlanishi, xorijiy tillarga tarjima qilinishi va e'lon qilinishini ta'minlaydi;
  • b) “Yo‘l xaritasi”da belgilangan mas'ul ijrochilar o‘zlariga yuklatilgan vazifalar ijrosi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni har oyning 5-sanasiga qadar Markazga taqdim etadi.
  • Bunda, vazirlik va idoralarning birinchi rahbarlari “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalarning to‘liq, sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgardir;
  • v) Milliy strategiya va “Yo‘l xaritasi”ning ijro holati yuzasidan har olti oyda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Rayosati majlislarida vazirlik va idoralarning axboroti tinglanadi.

a) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga:

Inson huquqlari sohasida xalqaro majburiyatlarga rioya etilishi bo‘yicha parlament komissiyasini tuzish;

vazirlik va idoralar rahbarlarining Milliy strategiya va “Yo‘l xaritasi”ning ijro holati yuzasidan axborotini har chorakda eshitish va tanqidiy muhokama qilish;

b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlariga vazirlik va idoralar hududiy bo‘linmalari rahbarlarining Milliy strategiya va “Yo‘l xaritasi”ning hududlar kesimida ijro etilishi yuzasidan axborotini har chorakda eshitish va tanqidiy muhokama qilish tavsiya etildi.

Farmonda ko‘rsatilishicha, inson huquqlarini himoya qilish va inson huquqlari madaniyatini oshirishda ko‘rsatgan xizmatlari uchun har yili Xalqaro inson huquqlari kunida topshiriladigan “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni ta'sis etiladi va har ikki yilda yuqori saviyada hamda xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy davlatlar mutaxassislari va faxriy mehmonlar ishtirokida Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi o‘tkaziladi.

Mavzuga oid