Jahon | 01:29 / 24.06.2020
4175
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Polshada AES qurmoqchi

Foto: AP

Polsha hukumati 2033 yilda birinchi reaktorni ishga tushirishni mo‘ljallagan.

Vashington Varshava bilan yadro energetikasi sohasida shartnoma tuzish hamda Polshada bir nechta yirik AESlar qurish bo‘yicha shartnomalarni amalga oshirish niyatida. Bu haqda AQSh ma'muriyati vakili Polsha prezidenti Anjyey Dudaning Vashingtonga bo‘lajak tashrifiga bag‘ishlangan brifingda ma'lum qildi.

"Biz Polshaga Amerika texnologiyasini qo‘llagan holda yirik atom elektr stansiyalari qurishda ilgarilab ketishga imkon beradigan yadroviy energiyadan tinchlik yo‘lida foydalanish sohasida ikki tomonlama shartnoma tuzishga harakat qilmoqdamiz", - dedi Oq uy vakili.

Uning ta'kidlashicha, hozirda Amerika hukumatining xalqaro taraqqiyot bo‘yicha moliya korporatsiyasi AQShning boshqa mamlakatlarda yadroviy loyihalarni amalga oshirishiga qo‘yilgan taqiqni bekor qilish ustida ish olib bormoqda. Bu Vashington va Varshava o‘rtasida yadroviy sohada hamkorlik qilish imkonini beradi.

O‘tgan yil noyabrda Polsha hukumatining strategik energetika ifnrastrukturasi masalalari bo‘yicha vakili Pyotr Naimskiy Varshava 2020 yilda mamlakatdagi birinchi atom elektr stansiyasi qurilishini moliyalashtirish masalasini hal qilishga urinishini aytgandi. Polsha hukumati 2033 yilda birinchi reaktorni ishga tushirishni mo‘ljallagan.

Polsha 20 yil ichida oltita yadroviy energiya blokini qurishni rejalashtirgan. Mamlakat AQSh, Yaponiya va Koreya Respublikasini salohiyatli hamkorlar sifatida ko‘rmoqda. 

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid