O‘zbekiston | 08:16 / 24.06.2020
6295
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston - Turkmaniston o‘rtasida chegaraoldi savdo zonasi yaratilishi mumkin

2020 yilning 23 iyun kuni O‘zbekiston tashqi ishlar, investitsiyalar va tashqi savdo vazirlari o‘rinbosarlari hamda Turkmaniston tashqi ishlar, savdo va tashqi iqtisodiy aloqalar vazirlari o‘rinbosarlari ishtirokida videokonferensaloqa shaklida O‘zbekiston-Turkmaniston siyosiy-iqtisodiy maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi.

TIV xabariga ko‘ra, so‘nggi yillarda davlatlar rahbarlarining qat'iy siyosiy irodasi va doimiy qo‘llab-quvvatlashi sababli O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilib, barqaror rivojlanib borayotganligi ta'kidlandi.

Shuningdek, ishtirokchilar davlat tuzilmalari, hududlar va ikki mamlakatning ishbilarmon doiralari o‘rtasida muvaffaqiyatli hamkorlik qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Turkmaniston hukumatlararo komissiyasi, Ishbilarmonlik kengashi kabi muloqot shakllarining imkoniyatlaridan foydalanish muhimligini ta'kidladilar. Ikki mamlakat o‘rtasida chegaraoldi savdo zonasini yaratish, eksport qilinayotgan tovarlar va xizmatlar nomenklaturasi va miqdorini kengaytirish zarurligi qayd etildi.

Tomonlar transport, transport kommunikatsiyalari va tranzit sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, suv-energetika muammolarini hal etishda o‘zaro hamkorlikni kengaytirish zarurligiga kelishib oldilar.

Shuningdek, siyosiy, madaniy va gumanitar sohalardagi ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi, deyiladi ma'lumotda.

Mavzuga oid