O‘zbekiston | 18:01 / 28.06.2020
86024
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda shifokor koronavirus tufayli vafot etdi. U xizmat vaqtida virus yuqtirib olgan

Toshkent viloyatida karantin markazida virus yuqtirib olgan Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasi shifokori 26 iyun kuni miokard infarkti tufayli olamdan o‘tgan. Bu O‘zbekistonda koronavirusning 21-qurboni bo‘ldi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkentda yana bir kishi koronavirus tufayli vafot etgani to‘g‘risida xabar berdi.

«Poytaxtimizdagi Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasi shifokori A.U. shu yilning 14 iyun kunidan Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi karantin markazidagi fuqarolarga tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida faoliyat ko‘rsata boshlagan.

Shu yilning 23 iyun kuni ahvoli og‘irlashib, dastlab Zangiota tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga, so‘ng esa Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga o‘tkir miokard infarkti tashxisi bilan yotqizilgan.

26 iyunda esa yurak, nafas va o‘pka yetishmovchiligi kuzatilib, ahvoli og‘irlashganligi uchun reanimatsiya bo‘limiga olingan. Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli mamlakatimizdagi shu sohaga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarining mutaxassislari tomonidan bir necha bor konsiliumlar o‘tkazilib, nazoratga olingan.

Biroq kardiolog, pulmonolog, terapevt, virusolog, reanimatologlarning standartlar asosida o‘tkazgan reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor miokard infarkti, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi marhum shifokorning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur ta'ziya izhor etadi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

O‘zbekistonda koronavirus bemorlari o‘limi bilan bog‘liq holat oxirgi marta 20 iyun kuni kuni Surxondaryoda qayd etilgandi.

Shu vaqtgacha Toshkentda 11, Namanganda 4, Samarqandda va Surxondaryoda 2tadan, Farg‘onada bitta o‘lim ro‘y bergandi.

 

Mavzuga oid