O‘zbekiston | 22:02 / 30.06.2020
24677
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident sud tizimini qayta ko‘rib chiqishga topshiriq berdi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 30 iyun kuni odil sudlovni ta'minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda ma'lum qilinishicha, 2018-2019 yillarda birinchi instansiya sudlarida jami 192ta jinoyat ishi bo‘yicha 307 nafar shaxs oqlangan bo‘lsa-da, hech qaysi holatda prokuror ayblovdan voz kechmagan. Shu bois tergov jarayonidagi xatolar sud majlisida aniqlansa, prokuror sudning tugashini kutib o‘tirmasdan, o‘z tashabbusi bilan ayblovdan voz kechadigan tartib joriy etilishi lozimligi qayd etildi.

«Sud binosiga kelgan har bir inson O‘zbekistonda adolat borligiga ishonib chiqib ketishi kerak. Bu Prezident talabi!», deya ta'kidladi davlat rahbari.

Biroq, joriy yilda aholidan kelib tushgan murojaatlarning 8 mingdan ziyodi yoki 44 foizida sudlarda ishlar to‘liq va xolis ko‘rilmayotgani, uzoq muddat cho‘zilayotgani bildirilgan.

Yana bir misol, 2019 yilda iqtisodiy sudlarda apellyatsiya, kassatsiya va nazorat tartibida ko‘rilgan ishlarning 2,5 mingdan ortig‘i, ya'ni 44 foizi bekor qilingan yoki o‘zgartirilgan. Bu har ikki shikoyatdan biri bo‘yicha tuman va viloyat iqtisodiy sudi chiqargan qarorlar yuqori sudda o‘zgarayotgani, tadbirkor va investorlar sarson bo‘layotganidan dalolat beradi.

Mutasaddilarga ilg‘or tajribalar va xalqaro standartlar asosida sud tizimini «bir sud – bir instansiya» tamoyili asosida qayta ko‘rib chiqish topshirig‘i berildi.

Sud tizimida eskilik sarqiti bo‘lgan, o‘z nomi bilan ham sudning mazmun-mohiyatiga to‘g‘ri kelmaydigan «nazorat tartibida ishlarni ko‘rish» amaliyotidan to‘liq voz kechiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev sudyalarning adolatli qaror qabul qilishlariga ta'sir o‘tkazuvchi barcha omillarni, shu jumladan Oliy sud raisi va Bosh prokurorning protest keltirish huquqini bekor qilish taklifini ilgari surdi. Parlament palatalari ushbu taklifni ko‘rib chiqadi.

Sudlar chiqarayotgan qarorlar faqat sud majlisida tekshirilgan dalillarga asoslanishi lozimligi ta'kidlandi. Ayrim sudyalar tergov materiallariga bog‘lanib qolgani, bu esa qonun, sud va davlat obro‘siga putur yetkazishi qayd etildi. Odil sudlov xalqning ko‘z o‘ngida, ochiq-oshkora amalga oshirilib, adolat qaror topishi lozimligi aytib o‘tildi.

Xususan, yil yakunigacha sud majlislarini audioyozuvdan foydalangan holda majburiy qayd etish tizimini joriy etish topshirig‘i berilgan. 

Davlati rahbari, shuningdek, sudga borish uchun ayrim tuman va shaharlarimizda odamlarga qulaylik yaratish zarurligi haqida gapirdi. Misol uchun, aholisi eng ko‘p tumanlardan biri bo‘lgan Urgutda (500 ming kishi, 102 ta mahalla) fuqarolik sudi yo‘qligi sababli 80 kilometr yo‘l bosib, Toyloq tumanlararo sudiga boriladi.

Shu bois sudlar va ularning faoliyatini optimallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Mavzuga oid