Jahon | 23:42 / 05.07.2020
17131
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi ilk muzyorar yaxta suvga tushirildi

Foto: Instagram/la.datcha

Niderlandiyada dunyodagi ilk muzyorar yaxta La Datcha suvga tushirildi. Ushbu yaxta rossiyalik tadbirkor, “Tinkoff-bank” asoschisi Oleg Tinkov buyurtmasiga ko‘ra qurilgan.

Forbes ma'lumotlariga ko‘ra, yaxta 100 mln yevro turadi. Uni sentyabrdan La Datcha sayti orqali haftasiga 740 ming yevrodan ijaraga olish mumkin bo‘ladi.

Tegishli sohani yorituvchi Yacht Harbour nashrining ma'lum qilishicha, xususiy muzyorar yaxta Flissingen port shahrida suvga tushirilgan. 77 metrlik yaxtada batiskaf, vertolyotlar uchun ikkita maydoncha, snegoxodlar, ikkita jakuzi, sauna, massaj xonasi, trenajyor zali va 6 ta kayuta bor. Yaxta ekipajning 24 a'zosi va 12 yo‘lovchiga mo‘ljallangan. U takomillashgan yonilg‘i baklari va chiqindilarni to‘plash tizimi hisobiga dengizda 40 kun qolishi mumkin.

“Dunyo shunchalik ulkan, hayotimiz esa shunchalik qisqaki, biz iloji boricha ko‘proq narsani tadqiq qilishimiz lozim”, deb aytgan Tinkov.

Tadbirkor yaxta qurilishi haqida 2018 yilda ma'lum qilgan. U yaxtada yiliga 20 kun suzishni, qolgan vaqt esa uni ijaraga berishni rejalashtirgan. 2019 yilda tadbirkorda oq qon kasalligi aniqlangan, 2020 yilda esa u koronavirusni boshdan o‘tkazgan.

Mavzuga oid