Jahon | 07:52 / 16.05.2024
2329
3 daqiqa o‘qiladi

Medvedchukning xatlovga olingan yaxtasi Ukraina yurisdiksiyasiga o‘tdi

Royal Romance 2022 yil mart oyida Xorvatiyada xatlovga olingan. Ikki yil o‘tib, Xorvatiya sudi yaxtani Ukrainaga topshirishga qaror qildi.

Foto: Peter Seyfferth / imago-images.de / Global Look Press

Xorvatiyada xatlovga olingan Ukraina sobiq xalq deputati Viktor Medvedchukning Royal Romance yaxtasi rasman Ukraina yurisdiksiyasiga o‘tdi. Bu haqda 15 may, chorshanba kuni Ukraina aktivlarini kuzatish va boshqarish agentligi ma’lum qildi. 

O‘tish Ukraina uchun «tarixiy lahzadir», dedi Dengiz va daryo transporti hamda kemachilik davlat xizmati raisi Yevgeniy Ignatenko. «Bu xatlovga olingan yaxtani keyingi sotish va sotishdan tushgan mablag‘ning davlat budjetiga tushishiga yordam beradi», deb ta’kidladi u va «mulk mamlakat manfaatlariga xizmat qilishiga» ishonch bildirdi. «Biz jinoiy yo‘l bilan olingan va xorijga o‘tkazilgan barcha mol-mulk Ukraina yurisdiksiyasiga qaytarilishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz», — deya qo‘shimcha qildi agentlik rahbari Yelena Duma. 

Xorvatiyada joylashgan 92 metrlik kema 2022 yil martida aniqlangan. Bir oy o‘tgach, Ukraina sudi yaxtani agentlik rahbariyatiga topshirdi. 2023 yilning noyabrida Ukraina hukumati agentlikka xorijda joylashgan musodara qilingan aktivlarni sotishga ruxsat berdi va o‘tgan yilning yanvarida Xorvatiya sudi yaxtani Ukraina tomoniga o‘tkazishni buyurdi. 

Kremlning Ukrainadagi asosiy ittifoqchilaridan biri 

Viktor Medvedchuk Ukrainadagi Kremlning asosiy siyosiy ittifoqchilaridan biri edi. Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, 2004 yilda Rossiya prezidenti Vladimir Putin uning kenja qizining cho‘qintirgan otasi bo‘lgan. 

2021 yilda Ukraina huquq-tartibot idoralari Medvedchukni davlatga xiyonat va «milliy boyliklarni talon-toroj qilishga urinish»da ikkita ayblov qo‘ygan. Medvedchuk uy qamog‘iga olingan, xabarlarga ko‘ra, u Rossiyaning Ukrainaga hujumidan keyingi dastlabki kunlarda qochib ketgan. 

2022 yil aprel oyida Kiyev Medvedchuk qo‘lga olinganini e’lon qildi va sentabrda siyosatchi 200 nafar ukrainalik harbiy asirga almashtirildi. 2022 yil iyun oyida Ukrainada Medvedchukning «Muxolifat platformasi - hayot uchun» partiyasi faoliyati taqiqlangan edi. 

Mavzuga oid