O‘zbekiston | 14:29 / 07.07.2020
44470
5 daqiqa o‘qiladi

Deputat tonirovka uchun to‘lovlarni arzonlashtirishni taklif etdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev telegram kanalida yozning jazirama quyoshi nurlaridan saqlanish uchun avtomobillar oynasini qoraytirishga yengilliklar berish taklifini ilgari surdi.

«Ma'lumki, O‘zbekiston geografik jihatdan nisbatan issiq hududda joylashgan. Shu bois, so‘nggi paytlarda jamoatchilik tomonidan yengil avtotransport vositalari oynalarining qoraytirish (tonirovka) bilan bog‘liq amaldagi tartib yuzasidan ko‘plab e'tirozlar, fikr va takliflar bildirilmoqda.

O‘rganishlar shuni ko‘rsatadiki, odatda yilning issiq mavsumida havoning yuqori harorati va quyoshning jazirama issig‘i haydovchi va transportdan foydalanuvchilar uchun keskin noqulaylik tug‘diradi. Natijada, fuqarolarning iqtisodiy faolligi va mehnat samaradorligi 1 foizdan 15 foizgacha pasayishiga olib kelishi mumkin ekan.

Tonirovka esa avtomobil ichidagi havo haroratini 60 foizga kamaytirib, sovitish tizimi normal ishlashiga sharoit yaratadi hamda haydovchi va transport foydalanuvchilariga issiq mavsumda qulaylik yaratiladi. Bu esa o‘z navbatida fuqarolarning iqtisodiy faolligi va samaradorligi oshishiga ijobiy ta'sir ko‘rsatib, mamlakat iqtisodiga qo‘shimcha o‘n millionlab dollar foyda keltirishi mumkin (Bugungi pandemiya sabab inqirozda bu biz uchun ayni muddao emasmi?)

Bundan tashqari, olimlar fikricha quyosh nurlari ostida uzoq bo‘lish va harkatlanish ham inson terisining quruqshab, qarib borishiga, terida dog‘lar paydo bo‘lishiga, ko‘zning to‘rpardasi zararlanishiga hamda teri saratoniga sabab bo‘lishi mumkinligi o‘z isbotini topgan. Sifatli tonirovka esa insonlarni quyoshning tik nurlaridan saqlash va ultrabinafsha (UV) nurlarining xatarli ta'siridan himoyalashda 99 foizgacha samara beradi.

Tahlillardan kelib chiqib aytish mumkinki, issiq mavsumda tonirovkadan foydalanishga ruxsat berish iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan davlat uchun ham fuqarolar uchun ham foydalidir. Ammo amaldagi tartibga ko‘ra belgilangan to‘lov miqdorlari tonirovkaga haqiqatda ehtiyoji bo‘lgan ko‘plab haydovchilarga qimmatlik qilmoqda.

Modomiki, hukumat tonirovka uchun belgilangan to‘lovlarni butkul bekor qilishni istamas ekan, hech bo‘lmasa to‘lovlarni arzonlashtirish, yengillashtirish orqali kompromiss qilishi kerak. Tonirovkadan foydalanish tartibiga biroz bo‘lsa ham ijtimoiy tenglik va adolat prinsipini singdirish lozim.

Shuni hisobga olib, yilning issiq mavsumida (1 maydan 30 sentyabrgacha, chunki asosan shu paytda tonirovkaga real ehtiyoj seziladi) BHMning 10 baravari miqdoridagi to‘lov evaziga (manga qolsa bepul bo‘lishi kerak, lekin shunisiga ham ko‘pchilik rozi hozir) avtotransport vositasining orqa (100 foiz) va old yon (30 foiz) oynalarini tonirovka qilishga ruxsat berish tartibini joriy qilish maqsadga muvofiq.

Bu bo‘yicha o‘z taklif va tahlillarimizni hukumatga ham yubordik. Umid qilamanki, takliflarimizga mas'ul idoralar befarq bo‘lmay, o‘rganib chiqadilar hamda inobatga oladilar. Chunki har mavsumda milliardlab qo‘shimcha tushum, iqtisodiy faollik va mehnat samaradorligi o‘sishi, yangi ish o‘rinlari davlat iqtisodiga ijobiy ta'sir ko‘rsatsa, jismoniy qulaylik va sog‘liqqa xavfli nurlanishdan himoyalanish fuqarolar talablarini qondiradi», — deb yozadi deputat.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 2 avgustdagi 646-sonli qarori bilan tonirovkaga ruxsat berilgandi.

Tonirovkaning yorug‘lik o‘tkazuvchanlik darajasi quyidagicha belgilandi:

  • orqa oyna (lobovoy) – 100 foizgacha;
  • orqa yon oyna (orqa eshik) – 100 foizgacha;
  • old yon oynaga (haydovchining yoni) – 50 foizgacha;
  • old oynaning tepa qismidan 14 sm polosa – 100 foizgacha;
  • turistik avtobus, mikroavtobus va miniven yon oynalari – 50 foizgacha.

Tonirovka narxlari:

  • Orqa oyna (lobovoy) uchun: tekin (ruxsatnoma olish shartmas);
  • Old oynaning tepa qismidan 14 santimetr polosa – tekin (ruxsatnoma olish shartmas).

Orqa yon oyna (orqa eshik) uchun:

  • jismoniy shaxslarga — 10 barobar (2 million 230 ming so‘m);
  • yuridik shaxslarga — 10 barobar (2 million 230 ming so‘m);
  • xorijiy tashkilotlarga — 20 barobar (4 million 460 ming so‘m).

Old va orqa yon oynalar uchun (barcha yon oynalar):

  • jismoniy shaxslarga — 50 barobar (11 million 150 ming so‘m);
  • yuridik shaxslarga — 50 barobar (11 million 150 ming so‘m);
  • xorijiy tashkilotlarga — 80 barobar (17 million 840 ming so‘m).

Turistik avtobuslar ham 50 barobar (11 million 150 ming so‘m) miqdorida.

Mavzuga oid