O‘zbekiston | 15:08 / 08.07.2020
26041
3 daqiqa o‘qiladi

«Koykalar to‘lgan» – SSV vakili to‘liq karantinga qaytish zarurati haqida gapirdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zosi, professor Habibulla Oqilov ma'lum qilishicha, simptomsiz kasallanganlarga uyda va mehmonxonalarda davolash tartibi o‘rnatilgan bo‘lishiga qaramay, bugungi kunda shifoxonalarda koyka o‘rinlari to‘lgan. 

AOKAda O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining axboroti yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi. 

«Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra karantin choralari yana kuchaytirilmoqda. Bu qarorni xalqqa to‘g‘ri tushuntirib berishimiz kerak.

15 martda birinchi kasal aniqlandi va 16 martdan keskin karantin choralari e'lon qilingandi. O‘shanda xalqaro tajriba izchil o‘rganilib, kerakli miqdorda koyka o‘rinlari tayyorlangandi. Karantinda saqlash uchun joylar tayyorlandi. Avvaliga sanatoriylarda saqlangan bo‘lsa, keyinroq karantin shaharchalari qurdik. 

Biz barcha shifokorlarimizni mutaxassisligidan qat'i nazar, ularni koronavirus bilan ishlashga o‘rgatdik va kurashga jalb qildik. Hozirda bu ishlar butun dunyodagi hamkasblarimiz tomonidan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan e'tirof etilib, ibratga sazovor deb topildi. 

Lekin kasallikning ikkilanish davriga qarab karantin choralarini yengillashtira boshladik. Lekin yumshatishni hamma ham to‘g‘ri tushungani yo‘q. 

O‘zbekiston xorijdagilarni qaytarishni to‘xtatmadi. Lekin kasallanganlar soni kunma-kun ko‘paymoqda.

Bugungi kelib, vazirlik tizimidagi resurslar poyoniga yetdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Koyka o‘rinlari to‘lgan, barcha shifokorlar jalb etilgan, bilasizlar shifokorlar 14 kun ishlaydi, keyin karantinga ketadi. Shifokorlar soni qolmadi, koyka o‘rinlari soni ham qolmadi.

Shuning uchun bu bo‘yicha taklif kiritdik, maxsus komissiya taklifni qabul qildi. Kasallik simptompsiz, alomatlarsiz kechayotgan bemorlarga uyda davolanishga ruxsat berdik. Karantinni uyda yoki mehmonxonalarda o‘tkazishga ham ruxsat berilganiga qaramay, statsionarlardagi joylarimiz, koykalar tugagan. 

Buni xalqqa to‘g‘ri tushuntira olishimiz kerak. Barcha shifoxonalarni koronavirus bemorlariga moslashtirganimizdan keyin, boshqa surunkali kasalligi bor bemorlar davolana olmayapti. Bunday bemorlarning qanchasi davolana olmagani, qanchasi vafot etayotgani haqidagi statiskamiz yo‘q. Bu haqiqat. Bunga ko‘z yumishimiz mumkin emas.

Shuning uchun, qat'iy choralarni hozir kiritmasak, ahvol yana yomonlashadi. Bugun kuniga 300dan oshiq chiqmoqda, jami holatlar soni 11 mingga yaqinlashdi. Shu bois Respublika maxsus komissiya qarori bilan karantin talablari qaytadan qat'iylashtirildi», degan u.

  • Ma'lumot uchun, 8 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq holatlar soni 10 838taga yetgan. Shu vaqtgacha bemorlarning 6811 nafari kasallikdan tuzalib chiqqan, 41 kishi vafot etgan, ayni vaqtda shifoxonalarda 3986 bemor davolanmoqda.

Mavzuga oid