Light | 15:44 / 09.07.2020
9614
6 daqiqa o‘qiladi

«Kovidiot», «karantikul»… - pandemiya davrida paydo bo‘lgan yangi so‘zlar

Pandemiya davrida ijtimoiy tarmoqlarda koronavirusga bog‘liq yangi so‘zlar ishlatila boshlandi. Ularning eng mashhurlari bilan tanishtiramiz.

Kovid, kovidli so‘zi koronavirusning rasmiy nomi – COVID-19`dan olingan bo‘lib, shu kasallikka chalingan bemorga nisbatan ishlatiladi. COVID-19 so‘zini yozishni bilmaydiganlar ham bu so‘zdan foydalanadi. Bemorlarga nisbatan «kovidli» so‘zini ishlatishda ehtiyotkor bo‘lgan ma'qul, chunki bu so‘z ancha qo‘pol eshitiladi.

Kovidiot pandemiyaga nisbatan jiddiy munosabatda bo‘lmaydiganlarga qo‘llaniladi. Bunday toifadagi insonlar feyk xabarlarni tarqatishadi, o‘z-o‘zini izolyatsiya qilish tartibiga amal qilishmaydi. Shuningdek, koronavirus atrofida aylanib yuruvchi fitna nazariyalarini ilgari surishadi.

Kovid-dissident – kovidiotning bir turi. OIV/OITS- dissidentlar ham bo‘lib, ular OITS borligiga ishonishmaydi. Hukumat va farmkompaniyalar shunchaki odamlarni zaharlayapti, degan fikrda. Kovid-dissidentlar virus bilan zararlanganlar aslida boshqa kasallikka chalinishgan, deb o‘ylashadi. Aslida mavjud bo‘lmagan epidemiyani bashorat qilgan Bill Geytsni esa safsatabozlikda ayblashadi.

Koronaskeptiklarda ham virus haqidagi ma'lumotlarga to‘liq ishonch yo‘q, shunga qaramay ular fitna nazariyalarini qo‘llab-quvvatlashmaydi. Ularning fikricha, muammolar ko‘lami kengayib ketaversa, yanada qattiq chora-tadbirlarni qo‘llamaslik kerak. O‘z-o‘zini izolyatsiyalash majburiy chora emas, har bir kishining shaxsiy qarori bo‘lishi kerak.

Koronaentuziastlar skeptik va dissidentlarga qarshi fikr bildishadi. Ular karantin choralari, jumladan, tibbiy niqobni doimiy taqib yurishni targ‘ib qilishadi.

Koronafeyklar ijtimoiy tarmoq va messenjerlarda koronavirusga oid vahima uyg‘otuvchi soxta va asossiz xabarlardir. Bunda Bill Geyts va 5G minoralari haqida uydirmalar, o‘zini dezinfeksionist deb tanishtirgan o‘g‘rilar odamlarni gaz bilan zaharlashi to‘g‘risidagi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan gaplar va boshqalar o‘rin olgan.

Karantikul. Mart oyida hammamiz ta'tilga, karantinga yoki o‘z-o‘zini izolyatsiyalashga o‘tdik. Hech kim nima bo‘layotganini  tushunmasdi. Tushunarsiz holat «karantikul» («karantin» va «kanikul») so‘zi paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi.

Koronapanika – odamlarning pandemiyaga nisbatan reaksiyasi. Supermarketlarda oziq-ovqatlar taqchilligi, soxta xabarlarning tarqalishi, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan bashoratlar vahimaning natijasidir.

Zumlashish. Karantin paytida ayniqsa mashhur bo‘lib ketgan videomuloqot platformasi – Zoom`da gaplashish sodda tilda shunday ifodalanmoqda.

«Kovidarnost». Karantin paytida ko‘plab odamlar pulsiz qolishdi. Oziq-ovqat uchun mablag‘ topolmaganlar bo‘ldi. Muhtojlar dardiga malham bo‘lish uchun ko‘ngillilar keksalar uchun oziq-ovqat olib kelib berishdi, xayriya aksiyalari o‘tkazildi, restoran tarmoqlari shifokorlarga bepul ovqat yetkazib berishdi. Karantin davrida odamlar bir-biriga hamdardligini bildirishdi va bu rus tilida «kovidarnost» so‘zi bilan ifodalandi.

Viruslarning «tojdor» oilasi – koronavirus so‘zining birinchi qismi ko‘plab yangi qo‘shma so‘zlar yasash uchun qulayligini ta'kidlash joiz. «Korona»dan tashqari, JSST o‘ylab topgan «kovid» atamasi haqida ham xuddi shunday deyish mumkin.

COVID-19 so‘zi qanday kelib chiqdi?

Yangi tipdagi koronavirus ilk marta Xitoyning 11 million aholiga ega Uhan shahrida tarqala boshlagani bois, dastlab kasallik shunchaki «koronavirus» yoki «Uhan koronavirusi», «Uhan pnevmoniyasi», «Xitoy koronavirusi» kabi nomlar bilan atab kelindi.

Tarixda kasallik u paydo bo‘lgan joy nomi bilan atalishi holatlari yo‘q emas: ispan grippi, Yaqin Sharq respirator sindromi, Zika virusi kabilar shular jumlasidan.

Ammo bu ushbu joy va u yerda yashovchi odamlarga salbiy tamg‘a bo‘lib qolishi, tarix va dunyo aholisi nazarida o‘ziga xos «ijtimoiy isnod»ni keltirib chiqarishi bois, 2015 yilda jahon hamjamiyati kasalliklar va viruslarni ular kelib chiqqan joy nomi bilan nomlamaslikka qaror qilgan.

2020 yil yanvar oyida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yangi koronavirusga vaqtinchalik nom sifatida «2019-nCov» atamasini joriy qildi.

11 fevralda JSST yangi kasallik va virus uchun rasmiy nomni tasdiqladi: kasallikka COVID-19, infeksiyaga esa SARS-CoV-2 nomi berildi.

JSST bosh direktori Tedros Gebreyyesusning tushuntirishicha, COVID so‘zida CO – korona, VI – virus, D esa kasallik (inglizcha «disease») ma'nosiga ega. 19 esa virus ilk bor aniqlangan yil – 2019 yilga ishora qiladi.

Virus nomidagi SARS so‘zi – 2003 yilda Osiyoda tarqalgan boshqa bir koronavirus – O‘tkir respirator sindrom koronavirusi (Severe Acute Respiratory Syndrome) atamasining qisqartmasini anglatadi. SARS-CoV-2`ning 17 yil oldingi koronavirus bilan o‘xshash jihatlari ko‘pligi aniqlangan.

Mavzuga oid