Amerikaning ABC News telekanali xabariga ko‘ra, mediklar g‘alati, biroq SARS-CoV-2 yuqtirganlikni ko‘rsatuvchi alomat — teridagi o‘zgarishlarga duch kelishgan.
Borgan sari yetakchi dermatologlarning katta qismi COVID-19 bilan kasallanganlikda gumonlanayotgan va tasdiqlangan tashxisga ega patsiyentlarda turli toshmalar va boshqa teri kasalliklari belgisiga e'tibor qaratishmoqda.
Ularning taxminicha, inson terisi kasallik chog‘ida organizmda nimalar ro‘y berishi haqida «so‘zlab» berishi mumkin.
Italiyalik vrachlar bu haqda mart oyidayoq bildirishgan edi. Ularning ma'lumotlariga ko‘ra, koronavirus yuqtirgan har beshinchi patsiyentda teri bilan bog‘liq muammolar kuzatilgan.
Eng ko‘p uchragan holat — to‘q qizil toshmalar.
Dematologlar hamjamiyatida norasmiy «kovidli barmoqlar» (oyoq barmoqlari nazarda tutilgan, COVID toes) termini muomalaga kirgan, bu bilan ular barmoqlarning alohida qismlarida rang o‘zgarishini tasvirlashgan (nafaqat oyoqda, qo‘lda ham).
Italiyaliklar amerikalik ekspertlarni ushbu alomatdan xabardor qilgach, ular AQShda bunday holatlarni tobora ko‘proq uchrata boshlashgan.

Ko‘pincha qizil toshma (garchi «kovidli barmoqlar» holatida to‘q qirmizi, hattoki ko‘k ranglar haqida gap boradi) sovuqqa reaksiya sifatida baholashmoqda, deya ta'kidlaydi Pensilvaniya universiteti qoshidagi kasalxonaning dermatologiya professori Misha Rozenbax. Biroq teri rangining o‘zgarishi ob-havoga aslo bog‘liq emas.
«Biz sovuqdan bunday ko‘karishga qishda duch kelishimiz mumkin, lekin aslo bahorning avj pallasida emas, — degan ABC News’ga Shimoliy-g‘arbiy universitet dermatologiya kafedrasi mudiri Emi Poller. — Endi bu ham xuddi COVID-19 singari keng tarqalganidan, biz ularning o‘rtasida bog‘liqlik bor deb o‘ylashga majbur bo‘lmoqdamiz».










