Jahon | 23:00 / 09.07.2020
8011
3 daqiqa o‘qiladi

Pavel Durov: Apple va Google butun dunyodagi startaplarni yo‘q qilmoqda

Durov Apple va Google dasturchilardan daromadlarining 30 foizini talab qilib o‘z monopol mavqeidan foydalanmoqda deb hisoblaydi.

Pavel Durov Apple va Google kompaniyalari startaplarning rivojlanishiga xalal berayotgani haqida maqola yozdi.

«Telegram deyarli har oyda dasturchilar uchun tanlovlar o‘tkazadi. Ushbu tanlovlar g‘oliblari, dunyoning eng yaxshi dasturchilari mukofot sifatida bizdan millionlab dollar olishgan», — deb yozdi u.

Telegram to‘rt yil oldin o‘yin yaratuvchilar uchun platforma ishga tushirishga qaror qilgandi: unda dasturchilar o‘z ilovalarini joylashlari, foydalanuvchilar esa ko‘chirib olishlari mumkin bo‘lardi. Ammo bu g‘oya amalga oshmadi.

«Apple bizga o‘yin plaftormasini ishga tushirishni taqiqladi. Biz Telegram o‘yinlar katalogini va platformaning qariyb butun interfeysini o‘chirishga majbur bo‘ldik — aks holda Apple bizga AppStore do‘konidan Telegram’ni o‘chirib tashlash bilan tahdid qildi».

Durov Apple va Google dasturchilardan daromadlarining 30 foizini talab qilib o‘z monopol mavqeidan foydalanmoqda deb hisoblaydi.

«Bugungi kunda smartfon foydalanuvchilariga o‘z xizmatlarini sotayotgan barcha dasturchilar amalda o‘zlaridan ko‘ra ko‘proq Apple va Google uchun ishlab beradi. Natijada Apple va Google o‘nlab milliard dollarni o‘zlarining offshor hisoblarida aylantiradi, butun dunyodagi yuz minglab dasturchilar esa zo‘rg‘a kun kechiradi».

Pavel Durov Yevropada Apple’ga qarshi boshlangan antimonopoliya ishini «ijobiy qadam» deb baholadi. 

Durovning fikricha, Apple foydalanuvchilarga ilovalarni AppStore’dan boshqa manbalardan ham ko‘chirishlariga imkoniyat berishi to‘g‘risida qonun qabul qilish kerak.

«Xuddi foydalanuvchilar o‘z kompyuterlariga istagan dasturini o‘rnatishi mumkin bo‘lgani kabi», — deb qo‘shib qo‘ydi tadbirkor.

«Ikkita yirik korporatsiyaning butun insoniyatdan soliq yig‘ishiga xalaqit berish oson ish emas. Korporatsiyalar uchun minglab lobbistlar, yuristlar va PR-agentlar ishlaydi. Shu bilan birga, ilova ishlab chiqaruvchilar yakkalangan va qo‘rqib qolgan, chunki ularning loyihalari taqdiri Apple va Google’ga bog‘liq».

Mavzuga oid