Jahon | 03:46 / 14.07.2020
8399
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda ijtimoiy obektlar tungi statsionarga aylantirilmoqda

Foto: Kabar.kg

Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda shifoxonalarga tushayotgan bosimni kamaytirish uchun tungi statsionarlar ochilmoqda. Bu haqda 24.kg sayti yozmoqda.

Manbada aytilishicha, ayni damda doimiy kasalxonalardan tashqari poytaxtdagi beshta maktabda kunduzgi statsionarlar ochilgan. Ular 08:00dan 20:00gacha uzluksiz faoliyat yuritmoqda. 9 kun davomida statsionarga 23 mingdan ortiq bemorlar murojaat qilgan va ularning 18 mingga yaqiniga tibbiy yordam ko‘rsatilgan, 5 mingdan ortiq odam konsultatsiya olgan va 139 kishi kasalxonaga yotqizilgan. So‘nggi 9 kun davomida statsionarlarda 9 kishi vafot etgan.

Beshta maktabdagi vaqtincha statsionar kasalxonalar umumiy 220 o‘ringa mo‘ljallangan. Ma'lum bo‘lishicha, kasalxonalarga tushadigan bosimni kamaytirish uchun tungi statsionarlar ham ochilmoqda. Poytaxtdagi «DSK» sport kompleksi va «Konsul» restorani xo‘jayinlari o‘z binolarini tungi statsionar kasalxonaga aylantirish uchun bepul ajratib bergan.

Kunduzgi va tungi statsionarlarga ishlash uchun Bishkek hokimligi shifokorlarni ishga taklif qilib, e'lon bergan. Mahalliy nashrlarning yozishicha, bunday turdagi vaqtincha statsionarlarning ochilishi asosiy kasalxonalardagi navbatlarni biroz kamaytirgan.

Ma'lumot uchun, ayni damda Qirg‘izistonda koronavirus yuqtirganlar soni 11 117 nafarni tashkil etmoqda. Ulardan 147 nafari vafot etgan. Xususan, ortda qolgan bir kun davomida qo‘shni respublikada 15ta yangi o‘lim holatlari qayd etildi.

Mavzuga oid