O‘zbekiston | 21:12 / 15.07.2020
97003
2 daqiqa o‘qiladi

Jahongir Ortiqxo‘jayev va Alisher Shodmonovga hayfsan e'lon qilindi

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga va sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga koronavirus tarqalishining oldini olish va davolash bo‘yicha Toshkent shahridagi ishlarni talab darajasida tashkil etmagani uchun hayfsan e'lon qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev pandemiya bilan bog‘liq vaziyat muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida koronavirusga qarshi kurashish borasidagi ishlarni tanqid qildi hamda mas'ullarni ogohlantirdi.

Toshkent shahrida virus yuqtirganlar soni 4 ming 92tani, Toshkent viloyatida 1 ming 498tani tashkil etayotgani, bu butun mamlakat bo‘yicha kasallarning 40 foiziga tengligi, Toshkent shahrida koronavirusdan o‘lim soni ham keskin ko‘payib, 45taga yetgani qayd etilgan.

Prezident bunday achinarli holatlar aholining haqli shikoyat va e'tirozlariga sabab bo‘layotganini ta'kidladi.

«Koronavirus tarqalishining oldini olish va davolash bo‘yicha Toshkent shahridagi ishlarni talab darajasida tashkil etmagani, epidemiologik vaziyatning salbiy o‘zgarishlariga tayyor bo‘lishni ta'minlamagani, bu kasallik bilan «pastga tushib» mukammal shug‘ullanmagani uchun Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga hayfsan e'lon qilindi. Shahar va viloyatning barcha sektor rahbarlari jiddiy ogohlantirildi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid