Jamiyat | 11:13 / 16.07.2020
8907
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada 200 yoshli pista daraxti davlat muhofazasiga olindi

Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumani Nursuq qishlog‘idagi yoshi 200 yillik pista daraxti muhofaza qilinadigan o‘simliklar ro‘yxatiga kiritilib, asrab kelinmoqda, deb xabar berdi Davlat ekologiya qo‘mitasi.

Foto: Davlat ekologiya qo‘mitasi

Nursuq qishlog‘ida 1200 yil oldin paydo bo‘lgan, maydoni 50 gektardan ortiq «Xo‘ja pista» qabristoni bor. Uning hududida 2 xil meva tugadigan pista daraxti mavjud.

Rivoyat qilishlaricha, «Xo‘ja pista» qabristonida ming yoshli manzarali daraxt bo‘lgan. Ammo chaqmoq urishi oqibatida bu daraxt yonib ketgan. So‘ngra tagidan bir nihol o‘sib chiqib, pista meva qila boshlagan. Hozirda bu pista daraxti 200 yoshda bo‘lib, u ikki xil meva tugadi, ya'ni, bir yili pista, bir yili yong‘oq. 

Pista daraxtning barglari yapaloq, uzunchoqsimon bo‘lib, ko‘proq yong‘oq daraxti bargiga o‘xshab ketadi. Bo‘yi 2-3 metr, butasimon, tomiridan bir nechta shoxchalar xosil qilib, eniga shoxlab ketgan. Daraxtning ildizi 10-15 metrgacha bo‘lib, ko‘proq yomg‘ir suvi hamda yer osti suvlari orqali tabiiy sug‘oriladi. 

Hozirgi kunda pista daraxti Farg‘ona viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan muhofaza qilinadigan o‘simliklar ro‘yxatiga kiritilib, asrab kelinmoqda, deyiladi Davlat ekologiya qo‘mitasi xabarida.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid