Jahon | 12:21 / 16.07.2020
12831
4 daqiqa o‘qiladi

JSST vakillari Turkmanistondan koronavirus topa olmadi

Turkmanistonda 6 iyuldan buyon ish olib borayotgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining maxsus missiyasi o‘n kun davom etgan tekshiruvlarning xulosasini e'lon qildi. Missiya rahbari Ketrin Smolvud maxsus brifingda «Turkmaniston JSSTning Yevroosiyo mintaqasida birorta ham COVID-19 kasalligi aniqlanmagan yagona a'zosi bo‘lib turibdi» deb bayonot berdi.

Biroq, Turkmanistonda odamlar shubhali pnevmoniyadan o‘lishda davom etmoqda. Ashxobodda 13 iyul kuni Turkmaniston davlat televideniyesi xodimi Choriguli Avlikuliyev to‘satdan vafot etdi. Marhumning kasallik varaqasi bilan tanish bo‘lgan tibbiyot xodimining so‘zlariga ko‘ra, rentgen suratlarda Avlikuliyevning o‘pkasi deyarli ko‘rinmagan. Choriguli Avlikuliyev oxirgi ishga borgan kuni kasalxonaga borishdan bosh tortib, shunchaki ozgina qon bosimi ko‘tarilganidan shikoyat qilgan.

Avlikuliyev kasalxonaga 12 iyul kuni, o‘limidan bir kun oldin yotqizilgan. 13 iyul kuni u vafot etgan, 14 iyul kuni dafn qilingan.

Avlakuliyevning jasadi qarindoshlariga berilmagan va darhol qabristonga olib borib dafn etilgan. Choriguli Avlikuliyev atigi 45 yoshda edi. U 20 yildan ortiq vaqt davomida turkman televideniyesida ishlagan. Hozirgi paytda Choriguli Avlikuliyevning egizak akasi, Saparmurod Niyozov nomli kasalxonaning umumiy amaliyot shifokori bo‘lgan Ishanguli Avlikuliyev ham kasalxonaning jonlantirish bo‘limida qolmoqda.

Ketrin Smolvud o‘z nutqida JSST mutaxassislari Turkmanistondagi turli tibbiyot muassasalariga tashrif buyurgani hamda ko‘plab tibbiyot xodimlari bilan uchrashganini ta'kidladi. U JSST vakillari aynan qaysi kasalxonalarga tashrif buyurganini ochiqlamagan, ammo Turkmanistondagi kuzatuvchilarning fikriga ko‘ra, mamlakat kasalxonalaridagi haqiqiy holat JSST vakillaridan yashirilgan. Ularning bildirishicha, viloyatlardagi shifoxonalar koronavirus alomatlari bo‘lgan bemorlar bilan to‘la.

«Bolqonobodda koronavirus yuqtirganlikda gumon qilingan odamlar sil kasalligi davolanadigan mahalliy dispanserga yotqizilgan. Ushbu dispanser hammani yotqizish imkoniyatiga ega emas. Shuning uchun endi bemorlarni teri kasalliklari dispanseriga yotqizishayapti», deb ma'lumot bergan manbalardan biri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tez tibbiy yordam shifokorlari aholidan mamlakatda koronavirus mavjudligini yashirmayapti va odamlarga hojati bo‘lmaganda uydan chiqmaslikni tavsiya qilmoqda.

Xazar shahrida (sobiq Cheleken) homilador ayol kasalxonaga yotqizilgan, uning koronavirus uchun topshirgan testi musbat natija bergan. Shuningdek, Ashxobod perinatal markazida 14 iyul kuni homilador ayolda ikki tomonlama pnevmoniya aniqlangan va u kesarcha yo‘li bilan farzandini olish uchun operatsiyaga yotqizilgan. O‘sha kunlarda Toshhovuz shahrining Ippodrom ko‘chasida yashovchi butun bir oila uyidan olib ketilgan va karantinga yotqizilgan.

So‘nggi ikki hafta ichida, Choriguli Avlikuliyevdan tashqari, shubhali va to‘satdan ikki tomonlama pnevmoniyadan qo‘yidagi shaxslar vafot etgan:
•  Kemal Uchqun - Turkiyaning Turkmanistondagi elchixonasi diniy maslahatchisi
•  Yagshigeldi Kakayev - Turkmaniston Prezidentining neft va gaz masalalari bo‘yicha maslahatchisi
•  Bahar Kopekova - Respublika musiqa maktabining rus tili va adabiyoti o‘qituvchisi
•  Gennadiy Abakumov - tadbirkor, Abadandagi «Do‘stlik» kafesi egasi
•  Botir Bayrammurodov – Ashxoboddagi «Gaudan» kichik mavzesidag «Garri Lukman» dorixonasi rahbar
•  Bobomurat Muxiyev - Turkmanobod pedagogika institutining matematika o‘qituvchisi.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid