O‘zbekiston | 10:40 / 16.07.2020
51851
2 daqiqa o‘qiladi

Sergeli tumani IIO FMB podpolkovnigi koronavirusdan vafot etgani ma'lum bo‘ldi

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tizimidagi yana bir xodim koronavirus qurboniga aylangan.

Ichki ishlar vazirligi Sergeli IIO FMB podpolkovnigi Abdulaziz Toshev 12 iyul kuni 42 yoshida vafot etgan. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati 16 iyul kuni xabar berdi.

«Ichki ishlar vazirligi rahbariyati va shaxsiy tarkibi Toshkent shahar Sergeli tumani bo‘yicha IIO FMB Axborot texnologiyalari, aloqa va axborotni himoyalash guruhi katta mutaxassis-muhandisi podpolkovnik Toshev Abdulaziz Abduvahobovichning vafoti munosabati bilan marhumning qarindosh va yaqinlariga chuqur ta'ziya izhor etadi», — deyiladi IIV matbuot xizmatit tomonidan 16 iyul kuni e'lon qilingan ta'ziyanomada.

Ma'lum qilinishicha, marhum boshqa kasallikdan davolanish maqsadida kasalxonaga yotqizilgan, u davolanish davomida koronavirusga ham test topshirgan va test musbat natija bergan.

Shu tariqa, O‘zbekistonda IIV xodimlari orasida koronavirusdan o‘lim holatlari 3 nafarni tashkil qilmoqda.

Bungacha 13-14 iyul kunlari Toshkent shahar IIBB xodimi, 36 yoshli mayor A.Sh va IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i, 48 yoshli podpolkovnik Sh.N koronavirusdan vafot etgani xabar qilingandi. SSV bu o‘lim holatlarini 15 iyul kuni tasdiqladi. Hozircha Abdulaziz Toshevning o‘limi vazirlik statistikasiga kiritilmagan.

Mavzuga oid