O‘zbekiston | 10:43 / 17.07.2020
3128
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun genetik bank yaratiladi

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida o‘simliklar turlarining milliy genetika banki yaratiladi.

Foto: agro.uz

Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 15 iyul kuni Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti hamda Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markaziga tashrif buyurgan.

Ishchi guruhi tomonidan olib borilgan tahlillarga ko‘ra, Respublikada oziq-ovqat xavfsizligini barqaror ta'minlash, kelgusida genetik resurslarimizni saqlab qolish maqsadida soha mutaxassislari tomonidan qishloq xo‘jaligi ekinlarining mahalliy navlarini kengroq o‘rganish hamda muhofaza etish choralarini kuchaytirish talab etiladi. Bu borada O‘zbekistonning xalqaro dasturlarda faol ishtirokini ta'minlash va sohaga xalqaro yetuk mutaxassislarni jalb etish ehtiyoji yuqori. Shu bois BMT tomonidan ilgari surilgan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasidagi genetik resurslarni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro bitimni ratifikatsiya qilish choralarini ko‘rish talab etiladi. 

Ishchi guruhi a'zolari institut ilmiy xodimlari, olimlari bilan uchrashib, bu yerda olib borilayotgan ishlarni o‘rganishdi. Sohada ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini kengaytirish, yangi eksportbop navlarni yaratish, uzum navlarining genofondini saqlash va boyitish, xorijiy nufuzli ilmiy muassasalar bilan o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish, ilmiy salohiyatni yanada oshirish kabi masalalar yuzasidan o‘zaro fikr almashishdi.

O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti 1924 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Markaziy Osiyoda qishloq xo‘jalik ekinlarining yirik dunyoviy kolleksiyalari saqlanayotgan yagona ilmiy tashkilot hisoblanadi. Hozirgi paytda bu yerda tabiatda yo‘qolib borayotgan, noyob qishloq xo‘jalik ekinlarining turlari, turli davlatlar seleksiyasiga oid zamonaviy navlar va qadimiy mahalliy hamda ularning yovvoyi avlodlarining 100 xil qishloq xo‘jaligi ekinlarining 43 mingdan ortiq namunalari saqlanmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid