O‘zbekiston | 13:40 / 19.07.2020
21823
4 daqiqa o‘qiladi

«800ga yaqin nafaqadagi shifokorni ishga jalb etdik» – Farhod Ermanov Xorazm viloyatidagi vaziyat haqida axborot berdi

Viloyat hokimiga ko‘ra, Xorazm shifoxonalari 1180 bemorga xizmat ko‘rsatishga qodir. Hozir o‘rinlar sonini 3 mingtaga yetkazish choralari ko‘rilmoqda.

Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov aholiga murojaat qilib, koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha bajarilayotgan ishlar to‘g‘risida ma'lumot berdi.

«Butun dunyoga tarqalgan koronavirus pandemiyasi yurtimizni ham chetlab o‘tmadi. Xorazm viloyatida ham so‘nggi vaqtlarda epidemiologik vaziyatning og‘irlashishi, kasallar sonining oshishi bizni tashvishga solmoqda», - deb so‘z boshladi viloyat rahbari.

Bemorlar soni haqida

«Bugungi kunda viloyatda 1053 nafar inson koronavirus yuqtirib olganlikda gumonlanib, karantinga olingan. Shundan 277 nafari shifoxonaga yotqizilgan, 18 fuqaroda koronavirus aniqlangan. Albatta bu jarayon hammani tashvishga solmoqda».

Call-markaz haqida

«Hozirgi vaqtda Urganch davlat universitetida call-markaz tashkil qilindi, unga 22ta tashkilotdan mutaxassis biriktirildi, 10ta telefon raqami sutkasiga 24 soat davomida ishlamoqda».

Tez tibbiy yordam mashinalari va mobil guruhlar haqida

«Fuqarolarning murojaatlari kundan kunga ko‘payishi aniq. Viloyatda 145ta tez tibbiy yordam mashinasi bor edi. 20 iyuldan yana 20ta yangi mashina olinadi va ishga tushiriladi.

Shuningdek, kasallik alomatlarisiz uyida davolanayotgan bemorlarga yordam ko‘rsatish uchun viloyat miqyosida 52ta mobil guruh tashkil qilindi».

Koronavirusga test topshirish haqida

«Viloyat fuqarolari barcha tumanlardagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlarida (SEOM) koronavirusga test topshirishi mumkin. Shuningdek, OITSga qarshi kurash markazi, Sud tibbiy ekspertizasi, Nano-diagnostika xususiy muassasalarida ham test topshirish imkoniyatlari bor».

Shifoxonalardagi o‘rinlar soni haqida

«Hozirgi kunda viloyat Yuqumli kasalliklar shifoxonasi, Endokrinologiya dispanseri, Nogironlarni reabilitatsiya qilish markazi, Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filialidagi gospitalda koronavirusga gumonlangan va yuqtirib olgan bemorlar davolanmoqda. Shuningdek, tumanlardagi shifoxonalarning yuqumli kasalliklar bo‘limida ham bemorlarni davolash imkoniyati bor.

Bugungi kunda viloyatimiz miqyosida 1180 bemorni qabul qilish imkoniyati bor. Hozir o‘rinlar sonini 3000taga yetkazish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda».

Shifokorlar va hamshiralar soni haqida

«Viloyat miqyosida 4,5 mingga yaqin shifokor va 20 mingga yaqin hamshira bemorlarga xizmat ko‘rsatyapti. Shuningdek, nafaqaga chiqib ketgan 800ga yaqin shifokorni yana ishga jalb qildik».

Dori-darmonlar haqida

«Bozorlarda dori-darmonlar narxining asossiz tarzda oshib ketmasligini ta'minlash maqsadida Koronavirusga qarshi kurash shtabi qoshida ishchi guruh tashkil qilindi. Shuningdek, departament xodimlari bilan maxsus reydlar o‘tkazilyapti.

Dori-darmonlarning kamida 5 ming odamga mo‘ljallangan 3 oylik zaxirasini yaratish bo‘yicha ishlar qilinmoqda. Bugungi kunda 49 turdagi dori-darmonlarning 1 oyga yetadigan zaxirasi mavjud. Bemorlarga tavsiya qilingan dorilarning barcha zaxiralari bor va ular bepul yetkazib beriladi».

Oziq-ovqat mahsulotlari haqida

«Kam ta'minlangan va kambag‘allar oilalarga oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi markazning 1197 qisqa raqami ishlab turibdi. Markazlar barcha tumanlarda tashkil qilingan. Dori-darmon va oziq-ovqat mahsulotlarini uzluksiz yetkazib berish yo‘lga qo‘yilgan».

Oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlari haqida

«Viloyatda oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlari «Yoshlik» sport-majmuasi binosida o‘tkaziladi. 4ta dezinfeksiyasi yo‘lakchalari tashkil qilinadi va binoga kirish-chiqish joylari sanitariya-epidemiologiya xodimlari tomonidan nazoratga olinadi».

Viloyat hokimi so‘zining oxirida aholini zarur bo‘lmagan hollarda uydan chiqmaslikka, karantin qoidalariga to‘liq amal qilishga, shaxsiy himoya vositalarini qo‘llashga chaqirdi.

Mavzuga oid