O‘zbekiston | 17:31 / 20.07.2020
13792
2 daqiqa o‘qiladi

«Tez yordam» xodimlari qo‘shimcha rag‘batlantiriladi

20 iyul kuni Vazirlar Mahkamasining «Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash davrida aholini tez tibbiy yordam xizmati bilan keng qamrab olish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2020 yil 20 iyuldan koronavirus epidemiyasi davrida normativga qo‘shimcha ravishda kechayu-kunduz navbatchilik qiladigan 1 nafar tibbiyot xodimi va 1 nafar haydovchidan iborat ixchamlashtirilgan mobil tez tibbiy yordam brigadalari tashkil etiladi, kuchaytirilgan tartib davrida har oy yakuniga qadar barcha tez tibbiy yordam brigadalarida ishlovchi xodimlarning lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qo‘shimcha to‘lovlar o‘rniga quyidagi miqdorlarda qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish to‘lovlari belgilanadi:

  • vrach xodimlarga – 2,5 mln so‘m;
  • o‘rta tibbiyot xodimlariga – 1,5 mln so‘m;
  • haydovchilarga – 1,0 mln so‘m.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi epidemiologik vaziyat, shuningdek, tez tibbiy yordam xizmatiga kunlik chaqiriqlar sonidan kelib chiqib ixchamlashtirilgan mobil tez yordam brigadalarining vaqtinchalik normativlari tasdiqlanadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid