Jamiyat | 14:00 / 22.07.2020
27459
3 daqiqa o‘qiladi

Foto: Toshkentda «O‘zbekneftgaz» brendi ostidagi birinchi AYoQSh ochildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan «O‘zbekneftgaz» AJ faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, iste'molchilarga zamon talablariga javob bera oladigan tarzda xizmat ko‘rsatish kerakligi borasida bir qator topshiriqlar berildi. Joriy yilning 16 iyul kuni davlatimiz rahbariga, «O‘zbekneftgaz» Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev tomonidan sohada qilinayotgan va qilinishi rejalashtirilgan ishlar hisoboti topshirildi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, 21 iyul kuni Toshkent shahri Parkent ko‘chasida davlat rahbari tomonidan berilayotgan topshiriqlar ijrosini ta'minlash uchun zamonaviy talablarga javob beradigan, barcha qulayliklarni o‘zida mujassamlashtirgan «O‘zbekneftgaz» brendi ostidagi AYoQShning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

AYoQShda avtomobillarga yoqilg‘i quyishdan tashqari ularga texnik xizmat ham ko‘rsatiladi. Shoxobchada avtomobillarda texnik ta'mirlash ishlarini o‘tkazish, motor moylarini almashtirish va shu kabi xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan.

Shu bilan birga, avtomobil ehtiyot qismlari do‘koni, mijozlar uchun xizmat ko‘rsatuvchi oziq-ovqat va fast-fud shoxobchalari hamda kofe va salqin ichimliklar savdosi ham tashkil qilingan.

Rasmiy relizga ko‘ra, ushbu zamonaviy obekt «O‘zbekneftgaz» AJning ramzi va tegishli timsollariga, tanlangan milliy brendga mos ravishda barpo qilingan.

Ochilish marosimida «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev bevosita qatnashib, bu kabi shoxobchalar yana ko‘plab tashkil etilishini ma'lum qildi.

«Ushbu shoxobcha birinchi loyihamiz bo‘lyapti. Toshkent shahrida 30dan ortiq shoxobchalarimizni yil oxirigacha xuddi shu tarzda rekonstruksiya qilish rejamizda bor. Buning uchun mablag‘larimiz ham yetarli. Pandemiya bo‘lishiga qaramasdan xalqimizga yaxshi xizmat ko‘rsatish, shuningdek, boshqa shoxobchalar bilan raqobatchi bo‘lishimiz kerak.

Yil oxirigacha neftdan faqat tayyor gaz va benzin olish emas, balki boshqa mahsulotlarni ham olish rejalarimiz bor. Bundan tashqari, 2023 yilgacha boshqa yirik loyihalarimiz ham bor», – dedi Mehriddin Abdullayev.

Ma'lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 19 fevraldagi 143-sonli «O‘zbekneftgaz» AJ samaradorligini oshirishga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, avtomobillarga yoqilg‘i quyish stansiyalari tarmog‘ini birlashtiruvchi boshqaruv kompaniyasi sifatida va «UNG» milliy brendi asosida xizmat ko‘rsatuvchi «UNG Petro» korxonasi tashkil etilgan. Respublika bo‘ylab 100ga yaqin stansiya korxona tarkibiga kiritilgan.

Mavzuga oid