O‘zbekiston | 20:36 / 22.07.2020
5343
2 daqiqa o‘qiladi

Olmaliqda hafta oxirigacha virusologiya laboratoriyasi ishga tushiriladi

Olmaliq shahar sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi qoshida zamonaviy statsionar virusologiya laboratoriyasi barpo etilmoqda. Bu yerda koronavirus infeksiyasi bo‘yicha topshirilgan tahlil namunalari xulosasi 24 soat ichida ma'lum bo‘ladi.

«Olmaliq kon-metallurgiya kombinati aksiyadorlik jamiyati tashabbusi bilan Olmaliq shahar sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi qoshida zamonaviy statsionar virusologiya laboratoriyasi barpo etilmoqda. Laboratoriya loyihasi Respublika Sanitariya–epidemiologik osoyishtalik agentligi bilan kelishilgan holda tayyorlangan bo‘lib, buning uchun alohida bino bunyod etilyapti.

Ayni kunlarda ta'mir ishlari yakuniga yetmoqda. Binoning ventilyatsion tizimi yangilangan. Xonalarga zamonaviy plastik eshik va romlar o‘rnatiladi. Hozirgi kunlarda laboratoriya zamonaviy uskunalar bilan jihozlanib, PZR apparati ham olib kelinadi», deya Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari Behzod Qobulovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

«Olmaliqmetallurgqurilish» tresti bosh muhandisi Akmal Abduqodirovning ta'kidlashicha, laboratoriyani bunyod etish joriy yilning 15 iyulidan boshlangan. Ayni paytda qurilish yumushlari uch smenada tashkil etilgan.

Virusologiya laboratoriyasi shu haftaning oxirida foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan. Endilikda olmaliqliklar koronavirus infeksiyasi bo‘yicha topshirilgan tahlil namunalari xulosasini 24 soatda olish imkoniga ega bo‘lishadi.

Жамшид Ниёзов
Tayyorlagan Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid