O‘zbekiston | 16:16 / 23.07.2020
21241
2 daqiqa o‘qiladi

Maxsus transport vositalarini o‘tkazib yuborgan haydovchilar jarimaga tortilmaydi

Prezident “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 17-1-modda oltinchi qism bilan to‘ldirildi.

Unga ko‘ra, tezkor va maxsus xizmatlarning ko‘k yoki qizil yoxud ko‘k va qizil rangli yaltiroq mayoqchani yoqqan holda hamda maxsus tovushli signallar bilan yaqinlashib kelayotgan transport vositalariga ularning to‘siqsiz o‘tib ketishi uchun yo‘l bergan transport vositalari haydovchilari tomonidan sodir etilgan ma'muriy huquqbuzarliklar foto- va videoqayd etishning maxsus avtomatlashtirilgan texnik vositalari orqali qayd etilgan taqdirda, haydovchilarning ma'muriy huquqbuzarligi oxirgi zarurat holatlarda sodir etilgan deb topiladi va ma'muriy ish Kodeksning 271-moddasiga muvofiq tugatiladi.

Amalda tezkor va maxsus xizmatlarning avtomashinalarini o‘tkazib yuborish uchun ayrim hollarda haydovchilar boshqa yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda o‘tishga majbur bo‘lishi mumkin (qizil chiroqda).

Shu munosabat bilan, adolat va insonparvarlik tamoyillari asosida qoidani buzgan haydovchi ma'muriy javobgarlikdan ozod qilinmoqda.

Mavzuga oid