Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ayo Sofiyada 86 yillik tanaffusdan keyin ilk juma namozi o‘qilmoqda
Istanbul fath etilishining timsoli hisoblangan Ayo Sofiya yuzlab yillar davomida mavjud bo‘lgan masjid maqomini qaytarib oldi. Fathdan oldin ibodatxona 916 yil davomida cherkov, 1453 yildan 1934 yilgacha - masjid bo‘lgan. Obida so‘nggi 86 yil davomida muzey edi. Shu yilning 10 iyulida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an imzolagan farmonga asosan muzey masjidga aylantirildi.
Bugun, 24 iyul kuni Istanbulda masjidda ilk juma namozi o‘qilmoqda.
Ertalabdan Istanbul va Turkiyaning boshqa hududlaridan kelganlar masjid maydoniga yig‘ila boshladi. Voqea Turkiyadagi o‘nlab mahalliy nashrlar va boshqa ko‘plab xorijiy ommaviy axborot vositalarida yoritilmoqda. Ko‘plab musulmonlar Turkiya bayroqlarini ushlab, «Alloh buyukdir. Ayo Sofiya qayta ochildi», deya jar solishmoqda.
Masjidning ochilish marosimida Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham ishtirok etmoqda.
Namozda ishtirok etishni istaganlar soni ko‘pligini hisobga olib, hukumat dindorlar uchun masjidga tutashgan 5ta maydonni maxsus tayyorlashga qaror qildi. Odamlar politsiya nazoratidan o‘tib, Sulton Ahmad maydoniga yig‘ilishmoqda. Xavfsizlikni ta'minlash uchun 17 ming politsiya xodimi safarbar etilgan.

Koronavirus pandemiyasi sabab namoz o‘qiydiganlar niqob taqishi majburiy, shuningdek, ularning tana harorati ham tekshiriladi. Shifokorlar, tez yordam mashinalari va sanitar vertolyoti aholi xizmatida.
Turkiya Diniy ishlar boshqarmasi marosim uchun maxsus ibodat dasturi ishlab chiqqan. Mashhur imomlar va qorilar Qur'ondan suralarni tilovat qilishmoqda.
Ma'lumot uchun, Ayo Sofiyaning qurilishi milodiy 532 yilda boshlangan va 537 yil 27 dekabrda yakunlangan. Ibodatxona dastlab cherkov bo‘lgan. 1453 yilda Istanbul Fotih Sulton Mahmud tomonidan egallangach, Ayo Sofiya Usmonlilar davlatining asosiy masjidiga aylanadi. Obida muzey sifatida 1985 yilda YuNeSKOning jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. 1996 yilda esa Jahon yodgorliklari ro‘yxatidan o‘rin olgan.
Mavzuga oid
21:25 / 31.05.2026
Mirziyoyev Turkiyadagi avtobus halokati munosabati bilan Erdo‘g‘anga ta’ziya yo‘lladi
11:16 / 25.05.2026
Talabalar bosimi ortidan Erdo‘g‘an qarorini o‘zgartirdi
18:10 / 15.05.2026
Mirziyoyev Erdo‘g‘an bilan uchrashdi
12:03 / 23.04.2026