O‘zbekiston | 15:51 / 25.07.2020
11907
2 daqiqa o‘qiladi

Nega magistratura bosqichida o‘qishni ko‘chirish mumkin emas? Vazirlik izoh berdi

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi matbuot kotibi Farhod Babashev AOKAda o‘tkazilgan brifingda nega o‘qishni ko‘chirish amaliyoti ta'limning magistratura bosqichida amal qilmasligi bo‘yicha izoh berdi.

“Oliy ta'lim muassasalariga, shu jumladan, xorijiy oliy ta'lim muassasalaridan talabalar o‘qishini ko‘chirish Vazirlar Mahkamasining 393-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta'lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi Nizom”ga muvofiq amalga oshiriladi.

Mazkur Nizomning 232-bandiga muvofiq, xorijiy oliy ta'lim muassasalarining magistratura bosqichida tahsil olayotgan talabalar o‘qishini O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalariga ko‘chirilishiga ruxsat etilmaydi.

“Magistratura to‘g‘risidagi Nizom”ga muvofiq, magistratura talabalariga birinchi o‘quv yilining dastlabki  ikki oyida magistrlik dissertatsiyalari mavzulari va ularga biriktirilgan ilmiy rahbarlar tasdiqlanadi. Magistratura talabalarining magistrlik dissertatsiyalarini tayyorlash jarayoni birinchi kursning birinchi semestridan boshlanadi. Magistratura talabalari o‘qishining ko‘chirilishi natijasida ularning qolgan muddatda magistrlik dissertatsiyalarini yangidan belgilangan talablar darajasida tayyorlash imkoni mavjud emas.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda magistratura bosqichida talabalar o‘qishini ko‘chirish maqsadga muvofiq emas”, deya vazirlik vakilining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid