O‘zbekiston | 21:29 / 25.07.2020
12353
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zekspomarkaz»da o‘rinlar soni deyarli 2 barobarga ko‘paytirildi

Yakunlanib borayotgan haftada Toshkent shahridagi «O‘zekspomarkaz» taqsimot markazi sifatida jihozlanib, u yerga koronavirusga gumon qilingan fuqarolar joylashtirila boshlandi.

Tashkil etilganida 500 o‘ringa mo‘ljallangani aytilgan taqsimot markazidagi koykalar soni ayni paytda 928taga yetkazilgan.

Toshkent shahar hokimligidan Kun.uz'ga ma'lum qilishlaricha, ayni paytda pavilonlardagi palatalar soni 466ta, apparatlar soni esa 931tani tashkil etmoqda.

Birgina 24 iyulning o‘zida, soat 08:00dan 20:00gacha koronavirusga gumon qilingan 308 kishi «O‘zekspomarkaz»ga joylashtirilgan.

Koronavirusga topshirgan testi javobi chiqquniga qadar ushbu fuqarolarga shu yerda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Ularga tashxis qo‘yilgach, salomatligining holatiga qarab shahardagi davolash-profilaktika muassasalariga yo‘naltiriladi.

Toshkent shahar hokimligi ayni paytda markazga tibbiy xodimlarni ishga qabul qilish jarayoni davom etayotganini ma'lum qildi.

Hozirga qadar 200dan ziyod xodim ishga qabul qilingan bo‘lib, ularga kunlik ish haqi har kuni joyida berib borilmoqda.

Ish 15 kunlik navbatchilik tartibida tashkil etiladi va bu vaqt uchun xodimlarga quyidagi miqdorda maosh beriladi:

  • vrachlarga – 15 mln (kuniga 1 mln so‘mdan);
  • hamshiralarga – 10 mln (kuniga 666,6 ming so‘mdan);
  • kichik tibbiyot xodimlariga – 5 mln (kuniga 333,3 ming so‘mdan);
  • ko‘ngillilarga – 5 mln (kuniga 333,3 ming so‘mdan).

Ish vaqti 12 soatdan iborat bulib, 8 soat ish, 4 soat dam olish vaqti ko‘zda tutilgan. Tibbiyot xodimlari tibbiy himoya vositalari va yotoqxona bilan ta'minlanadi, bepul ovqatlanish tashkil etilgan. Yuqorida ta'kidlanganidek, ish haqi har kuni to‘lab boriladi.

Murojaat uchun telefonlar: 71 210 02 02, 71 210 02 31

Ushbu raqamlarga qo‘ng‘iroq qilib tushib bo‘lmagan holatlarda, talabgorlar har kuni soat 9:00dan 17:00gacha bevosita «O‘zekspomarkaz»ga borgan holda, uchinchi pavilondagi qabul bo‘limiga murojaat qilishlari mumkin.

Eslatib o‘tamiz, shu kunlarda Zangiota tuman ixtisoslashtirilgan ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga ham tibbiyot xodimlarini ishga qabul qilish davom etmoqda.

Mavzuga oid