Jahon | 16:59 / 25.07.2020
41436
10 daqiqa o‘qiladi

Sovuq urush ko‘lankasi. Xitoy va AQSh munosabatlari nega yomonlashib ketdi?

Xitoy va AQSh o‘rtasida diplomatik maydonda mojarolar yana keskinlashdi. Juma kuni Pekin Chendudagi AQSh konsulligini yopishga qaror qildi. Bu Tibet bilan chegaradosh va aholi juda gavjum bo‘lgan Sichuan provinsiyasi markazida joylashgan AQShning muhim diplomatik binosi edi. Oldinroq esa AQSh Xitoyga Hyustondagi konsulxonani yopish uchun 72 soat vaqt bergandi.

Koronavirus

AQShning Chendudagi bosh konsulligi / GETTY IMAGES

Xitoy va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar o‘tgan yil oxirida iliqlashgandek tuyulgandi. Tomonlar yangi savdo shartnomalari haqida kelishib, o‘zaro munosabatlarga ijobiy qarashga imkon berishgandi. Ammo yil boshida hammasi keskinlashib ketdi. Koronavirus paydo bo‘ldi, u asta-sekin butun dunyoga tarqalib, AQSh uning o‘chog‘iga aylandi-qoldi. Tramp virus tarqalishida uning «vatani» Xitoyni ayblay boshladi. Keyin Amerika tomondan yangi ayblovlar paydo bo‘ldi: ayg‘oqchilik, texnologiyalarni o‘g‘irlash, inson huquqlarini buzish (uyg‘urlar masalasi). Oqibatda vaziyat shunchalik jiddiylashib ketdiki, AQSh va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar noyabrdagi prezidentlik saylovlari vaqtida eng yuqori cho‘qqiga ko‘tariladigan ko‘rinadi.

Diplomatik mojaroni AQSh boshladi. 21 iyul kuni Hyustondagi Xitoy konsulxonasi yopilishi e'lon qilindi va xitoylik diplomatlarga u yerdan chiqib ketish uchun uch kun vaqt berildi. Shuningdek, xitoyliklarning San-Fransiskodagi konsulligi yopilishi mumkinligi ham aytildi. Keyin esa Xitoy AQSh konsulxonasini yopdi, buning ortidan Hyustondagi bosh konsulxona xodimlari binoni tark etishdi.

Hammasi qanday boshlandi?

 

Xitoyning Texasdagi bosh konsulligi / GETTY IMAGES
Kuzatuvchilar eskalatsiya jiddiylashayotgani va buni sovuq urush bilan qiyoslash mumkinligidan ogohlantirishmoqda

21 iyul kuni AQSh hukumati Xitoyga Texas shtatidagi Hyuston shahrida joylashgan konsullik yopilishini, xodimlar u yerdan 3 kun ichida chiqib ketishlari kerakligini bildirdi. Oldinroq Amerika tomoni xitoylik hakerlar Covid-19 vaksinasi haqidagi ma'lumotlarni o‘g‘irlashga uringanini ma'lum qilgandi. AQSh hukumati e'lon qilgan ayblovda xitoylik ikki kishining ismi keltirilgan. Ular Xitoy hukumati qo‘llab-quvvatlovi bilan AQSh serverlariga hujum qilib, koronavirus vaksinasi haqidagi ma'lumotlarni o‘g‘irlashga uringan. Ular shuningdek, boshqa hakerlik hujumlarini amalga oshirganlikda ham ayblanmoqda.

Xitoyda esa AQShni siyosiy provokatsiyada ayblashmoqda. Mamlakat tashqi ishlar vazirligi Hyustondagi konsullikning yopilishini bema'nilik deb atadi. O‘z navbatida AQSh buni o‘z intellektual mulkiga nisbatan qilingan xurujga javob sifatida baholadi.

Internetda Hyustondagi konsullik xodimlari diplomatik tashkilot hovlisida qog‘ozlarni yoqishayotgani tasvirlangan videolar tarqaldi. AQSh prezidenti Donald Tramp bu haqda hazil aralash gapirib o‘tdi. «Biz konsullik yopilishi haqida aytganimizda u yerda yong‘in bo‘libdi. U yerda nimalar bo‘lganini bilish juda qiziq», dedi amerikaliklar yetakchisi.

AQSh Davlat departamentining Hyustondagi konsullik haqidagi bayonotidan ikki soat o‘tib Xitoy javob choralari ko‘rilishi va amerikaliklarning Uhandagi konsulxonasi yopilishi mumkinligini e'lon qildi.

Firibgarlikda ayblangan olim

Bu tahdidlar almashinuvidan bir kun o‘tib Tramp Xitoyning boshqa diplomatik tashkilotlarini ham yopishini aytdi. Xususan, San-Fransiskodagi konsulxonani. U yerda Kaliforniya universitetida ishlovchi xitoylik biolog Tszyuan Tan yashirinayotganini aytiladi. Bu olim AQSh vizasini soxtalashtirish va xitoylik harbiylar bilan aloqada bo‘lishda ayblangan. FQB tergovida Tan xonim hech qachon harbiy xizmatda bo‘lmaganini aytib, harbiylar bilan aloqada bo‘lganini rad etgan. Ammo AQSh maxsus xizmatlari ularda bu biolog olimning harbiy libosdagi suratlari borligini aytishgan. Amerikalik prokurorlarning fikricha, Tan xonim Xitoyning konsullik binosida yashiringan. Shuningdek, u yerda AQSh vizasini qalbakilashtirishda ayblangan yana bir qator xitoylik olimlar borligi aytiladi.

Siyosiy ishora

Xitoy AQShning Chendudagi elchixonasi yopilishi haqida e'lon qilgach, Davlat departamenti rahbari Maykl Pompeo o‘ziga xos siyosiy yurish qildi. U Richard Nikson nomidagi kutubxonada turib xitoyliklarga murojaat qildi. Bejizga bu joy tanlanmagandi, chunki aynan Richard Nikson 1972 yil Xitoyga borgan ilk Amerika prezidenti sifatida ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni yaxshilagandi.

«Xitoy borgan sari avtoritar tuzumga aylanib, xorijda agressiv siyosat olib bormoqda. Ayniqsa inson huquqlari bo‘yicha. Erkin dunyo bu zulmkorlik ustidan g‘alaba qozonishi kerak», dedi Pompeo.

AQShning Chendudagi elchixonasi mamlakat uchun juda muhim obekt hisoblanadi. U 1985 yilda ochilgan va u yerda 200 kishi ishlaydi. Shundan 150 nafari mahalliy aholi vakillari. Bu elchixona uchun atay Tibetga yaqin joy tanlangan. Chunki Tibet ko‘p yillardan buyon mustaqillikka intilib keladi. AQSh uchun Xitoydagi bu hududda nima bo‘layotganini bilib turish juda muhim. Chendudagi elchixonasi esa bu uchun juda qulay joy.

AQSh keltirgan sabablar asosli

GETTY IMAGES

Xitoy AQShning munosabatlarni yomonlashishda har qancha ayblamasin, amerikaliklar keltirayotgan ayblovlarda asos bor. Hammasi koronavirusdan boshlangandi. Yil boshida bu virus Xitoydan tarqalgandi. Undan eng ko‘p jabr ko‘rayotgan AQSh esa virus butun dunyoga tarqalishida Xitoyni aybladi.

Keyinchalik Xitoy Hongkong bilan munosabatlar keskinlashishiga olib keluvchi qarorlar imzolay boshladi. Oqibatda Hongkongda namoyishlar tinmayapti. Xitoyning «Bir mamlakat – ikki tizim» prinsipidan voz kechishi vaziyat jiddiylashishiga olib keldi. Keyinchalik Urumchida musulmonlarni saqlash uchun ochilgan lagerlar yanada kengaytirildi. Bu esa AQSh Xitoyni global miqyosda inson huquqlarini buzishda ayblashiga asos bo‘ldi. Amerikada butun boshli «Uyg‘urlar haqidagi» qonun qabul qilindi.

Maykl Pompeo Xitoyga qarshi bo‘lgan davlatlardan iborat koalitsiya tuzish istashi haqida esa yashirmay gapirmoqda. Pompeo Britaniyaga tashrifi vaqtida Boris Jonsonni Xitoyning Huawei aloqa kompaniyasini 5G tarmoqlari qurilishiga yaqinlashtirmaslikka ko‘ndira oldi. Oldinroq AQSh o‘z hududida Huawei'ning bunday turdagi qurilishlarda qatnashmasligini e'lon qilgandi. AQShning iddaosicha, Xitoy dunyodagi o‘zida ishlab chiqarilgan barcha qurilmalardagi ma'lumotlardan foydalana oladi.

Tramp saylovoldi kampaniyasi davomida Xitoy haqida tinimsiz salbiy fikr bildirmoqda. U xususan yaqinda milliardlab foydalanuvchilarga ega TikTok ijtimoiy tarmog‘ini AQShda taqiqlab qo‘yishi mumkinligini aytdi. Chunki bu ijtimoiy tarmoq ham xitoyliklarga tegishli.

Hongkong uchun javob

WPA POOL

AQSh Xitoyning Hongkongda nisbatan agressiv harakatlari uchun yangi sanksiyalar paketini tayyorlamoqda. AQSh Hongkongni maxsus imtiyozli davlat maqomidan mahrum qilishi mumkin. Agar shunday bo‘lsa, Hongkong ortiq dunyoning iqtisodiy markazlaridan biri bo‘lmay qoladi.

«Biz Hongkong mustaqilligini saqlab qolishni juda xohlaymiz, ammo bunday bo‘lmasa, Xitoy kompartiyasi bu uchun javob beradi», dedi Pompeo.

AQSh Xitoyga nisbatan joriy etishi kutilayotgan sanksiyalar ro‘yxatida banklar ham kiritilsa, ikki mamlakat o‘rtasida ikki yildan buyon davom etayotgan savdo urushi qatoriga valuta urushi ham qo‘shiladi. O‘z navbatida Xitoy ham qarab turgani yo‘q. Xitoy davlat kompaniyalari amerikalik fermerlardan soya va cho‘chqa go‘shti sotib olishdan voz kechishdi.

Bu esa Tramp erishgan kelishuvlarni bir pulga chiqaradi. U Xitoy bilan savdo balansini shakllantirish uchun kelishuvga erishgan va bu bilan ko‘p marta maqtangandi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasida Xitoy eksportining ulushi haddan tashqari katta va Tramp bu borada balansni saqlash bo‘yicha kelishuvga erishgan. Amerikalik fermerlarga e'lon qilingan bu boykot esa AQSh eksportiga milliardlab dollar zarar keltiradi.

Vaziyat keskinlashgani sababli AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo shartnomalari deyarli ishlamayapti. Chunki davlatlar o‘zaro o‘chakish bilan band. Afsuski, bu ishlar faqat AQSh va Xitoy iqtisodiyotiga emas, butun dunyo iqtisodiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi.

Shu vaqtgacha sovuq urush deganda ko‘pchilik AQSh va SSSR, keyinroq AQSh va Rossiya o‘rtasidagi sovuq munosabatlarni tushungan. Ammo AQSh va Rossiya iqtisodiyotidagi haddan tashqari katta farq (12-13 baravar) bu mamlakatlar o‘rtasidagi sovuq urushni asosan harbiy sohaga bog‘lashga sabab bo‘lgan va ularning o‘zaro urushlari asosan bir-birlariga ta'sir qilgan. Ammo YaIMsi birgalikda 35 trillion dollarga yaqin bo‘lgan AQSh va Xitoyning munosabatlari sovuqlashishi butun dunyo iqtisodini xavf ostiga qo‘yadi. Bir-biriga har qanday sohada raqobatlashishi mumkin bo‘lgan Xitoy va AQSh o‘rtasidagi sovuq urush bunday urushlarning eng sovug‘i bo‘lishi mumkin. Bu sovuq urush tezroq tugamasa, hali butun dunyoni sovutib yuborishi hech gap emas...

Mavzuga oid