Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh tanga inqiroziga uchradi
AQSh Zarbxonasi amerikaliklardan xaridlarda tangalarni ishlatishni, ularni bankka topshirishni yoki maxsus apparatlarda qog‘oz pullarga almashtirishni so‘radi.
Koronavirus pandemiyasi tufayli, amerikaliklar naqd pullar orqali infeksiyani yuqtirib olishdan cho‘chib, naqdsiz to‘lovlarga ko‘proq e'tibor bera boshladilar. Natijada ko‘plab tangalar iste'molchilar qo‘lida to‘planib qoldi va mamlakatda ularning to‘laqonli inqirozi yuz berdi.
Mayda tangalarning tanqisligi kichik biznes vakillari faoliyatiga salbiy ta'sir qildi. Ular qaytim yo‘qligi sababli, to‘laqonli hisob-kitob qilishda qiynala boshladilar.
«Do‘kondagi xaridlarni tangalar bilan amalga oshiring. Ularning bir qismini iste'molga qaytaring», — deb bayonot berdi Zarbxona.
2020 yilning mart oyida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida, odamlarga naqd pullar va kartalarni ishlatishdan voz kechib, kontaksiz to‘lovlarga o‘tishni taklif qilgan edi. Mutaxassislar virusning naqd pullar yuzasida 4 kungacha, plastik yuzasida esa 9 kungacha saqlanib qolishini ta'kidlashgan edi. Keyinchalik, JSST bu ma'lumotlarni rad qildi.
Shunday bo‘lsa-da, yer yuzi aholisi infeksiyadan saqlanish uchun naqd pullarni ishlatishdan tiyila boshladilar. Jumladan, Germaniyada kontaksiz to‘lovlarning ommalashishi natijasida aholining qo‘lida naqd pullar yig‘ilib qola boshladi. Xitoy esa koronavirus eng ko‘p tarqalgan hududlarda naqd pullarni yoqib yuborish amaliyotini qo‘lladi. Rossiyada banklar naqd pullarni kassaga tushganidan keyin kamida 2 hafta saqlab, viruslardan xoli qilib iste'molga chiqara boshladilar. O‘zbekistonda bu muddat 1 haftani tashkil qilishi haqida xabar berilgan edi.