O‘zbekiston | 17:02 / 27.07.2020
16901
3 daqiqa o‘qiladi

Pandemiya davrida mulkdorlar va oshxona egalariga qanday imtiyozlar berilmoqda?

Aynan hozirgi murakkab davr­da aholini, xususan umumiy ovqatlanish, savdo va xizmatlar sohasidagi tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlashda qo‘shimcha ravishda qanday imtiyozlar berilmoqda?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abdug‘ani Umirov ushbu masala yuzasidan bildirgan axboroti parlament axborot xizmati tomonidan e'lon qilingan

Unga ko‘ra, 2020 yil 1 iyuldan 2020 yil 31 dekabrga qadar umumiy ovqatlanish korxonalari va binolarni ijaraga berishga ixtisoslashgan korxonalar aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashdan ozod qilinadi. Shuningdek, bu davrda jismoniy shaxslar ham ko‘chmas mulklarini ijaraga berishdan olingan daromadlari bo‘yicha daromad solig‘i to‘lashdan ozod etilyapti.

Bundan tashqari, 2020 yil 1 apreldan 2020 yil 31 dekabrga qadar umumiy ovqatlanish korxonalari alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yig‘imni to‘lashdan ozod qilinmoqda. Alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalarning ajratmalari miqdorini 5 foizdan 3 foizga pasaytirishga doir imtiyoz muddati 2020 yil 31 dekabrga qadar uzaytirilyapti.

Qolaversa, umumiy ovqatlanish korxonalarida 2020 yil 1 iyuldan boshlab belgilangan xodimlarning yillik o‘rtacha soni 25 nafardan 50 nafarga oshirilishi, bu sohada ham ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat olib borayotgan xodimlari faoliyatini qonunlashtirishdan manfaatdorlikni oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

2021 yil 1 iyulga qadar umumiy ovqatlanish korxonalariga o‘zlariga tutash bo‘sh yer uchast­kalarida yengil konstruksiyalarni bepul joylashtirish va qurish huquqi berilishi, ular tomonidan pandemiya sharoitida ham mijozlarga xavfsiz xizmat ko‘rsatishni ta'minlashga xizmat qiladi.

Endilikda tadbirkorlik sub'yektlariga mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan shartnoma tuzmasdan, faqatgina davlat soliq xizmati organlarini savdo muddati, mahsuloti va transport to‘xtashi ta'qiqlanmagan joylarni ko‘rsatgan holda elektron (onlayn) xabardor qilish orqali avtodo‘kon, avtomagazin, avtotirkama, avtotsis­terna va fudtraklar orqali savdo qilish huquqi taqdim etilishi ayni vaziyatda aholiga qulaylik va aholi harakatlanishini kamaytirib, xavf­sizlikni ta'minlashga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, kichik tadbirkorlik sub'yektlari uchun mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilish bo‘yicha hamda mikrofirma va kichik korxonalar uchun ijtimoiy soliq stavkasini 12 foizdan 1 foizga pasaytirish bo‘yicha berilgan imtiyozlar muddati 2020 yil 31 dekabrga qadar uzaytirilmoqda.

Mavzuga oid