Jahon | 17:24 / 28.07.2020
4029
2 daqiqa o‘qiladi

Boris Jonson Yevropada koronavirusning ikkinchi to‘lqini boshlanayotganini aytdi

Avvalroq JSSTning Yevropadagi mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge Yevropa mamlakatlari koronavirus infeksiyasining ikkinchi to‘lqiniga tayyorgarlik ko‘rishlari kerakligini aytgandi.

Foto: EPA-EFE/ANDY RAIN

 Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Yevropa mamlakatlarida koronavirus epidemiyasining ikkinchi to‘lqini alomatlari sezilayotganini qayd etdi. U bu haqda Sky News telekanaliga bergan intervyusida aytdi.

 "Yevropada, ayrim do‘stlarimiz orasida nima yuz berayotganini ochiq aytaylik. Ayrim joylarda pandemiyaning ikkinchi to‘lqini alomatlarini ko‘ra boshlayapmiz deb qo‘rqaman", - dedi u.

 Jonson 26 iyuldan boshlab Ispaniyadan kelganlar uchun ikki haftalik majburiy karantin joriy etilganligini yoqlashini aytdi. Bu ta'tilni Ispaniyada o‘tkazish uchun jo‘nab ketgan britaniyaliklar uchun kutilmagan hol bo‘ldi.

 Avvalroq Belgiya hukumati 17 iyuldan 23 iyulgacha kasallanish holatlari 71 foizga o‘sganligi sababli qat'iy karantin joriy etilishi mumkinligini ma'lum qilgandi.

 Ispaniyaning Kataloniyasida ham cheklovlar qaytadan joriy etilishi mumkinligi aytilmoqda.

 Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropadagi mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge ham Yevropa mamlakatlari koronavirus infeksiyasining ikkinchi to‘lqiniga tayyorgarlik ko‘rishlari to‘g‘rsida The Daily Telegraph gazetasiga bergan intervyusida aytib o‘tgandi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid