Jahon | 21:39 / 28.07.2020
4922
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiyada dunyodagi eng katta termoyadro reaktori qurilishi boshlandi

28 iyulda Fransiyada dunyodagi eng katta termoyadro reaktorini yig‘ishga start berildi. Ushbu loyihani yirikligi bo‘yicha Xalqaro koinot stansiyasi va Katta adron kollayderga qiyoslash mumkin.    

Foto: ITER

Xalqaro tajribaviy termoyadro reaktori – ITER sanoat ko‘lamlarida energiya olish uchun termoyadro reaksiyasini qo‘llashga qaratilgan eng yirik ilmiy loyiha hisoblanadi

Shu munosabat bilan reaktor joylashgan Kadarash tadqiqot markazidagi tantanali marosimda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va reaktorni yaratishda ishtirok etayotgan boshqa davlatlar rasmiy vakillari ishtirok etgan.

Reaktor Fransiya janubida Yevropa ittifoqi, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Janubiy Koreya va AQSh bilan hamkorlikda qurilmoqda. Reaktorning ishga tushirilishi va unda birinchi plazmani olish 2025 yilga rejalashtirilgan. Agar loyiha muvaffaqiyatli chiqsa, unda insoniyat deyarli tugamaydigan energiya manbaini olishi mumkin.     

Reaktor negizida termoyadro sintezini boshqarish uchun eng istiqbolli qurilma hisoblanuvchi tokamak qurilmasi yotadi. Loyihadan maqsad esa termoyadro energiyasini sanoat ko‘lamlarida qo‘llash mumkinligi namoyish qilish hisoblanadi.

Loyihada umumiy hisobda 35 ta davlat, jumladan qo‘shni Qozog‘iston ham ishtirok etmoqda. Barcha butlovchi qismlar yetkazilgach, qurilish maydonchasida reaktorni yig‘ish va o‘rnatish bo‘yicha ishlar boshlangan.  

Joriy rejalarga ko‘ra, ITER 500 MVt issiqlik energiyasi va 200 MVt elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Reaktorni qurish va undan foydalanish qiymati esa atom elektr stansiyasiniki kabi bo‘lishi kutilmoqda. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid