O‘zbekiston | 11:38 / 28.07.2020
94415
5 daqiqa o‘qiladi

Straus House ishi bo‘yicha sud hukmi e'lon qilindi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida Straus House MChJ bo‘yicha jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e'lon qilindi.

I. Isroilov / Foto: KUN.UZ

Oliy sud matbuot xizmati xabariga ko‘ra, sudlanuvchilar I. Isroilov (Straus House MChJ ta'sischisi, 1993 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan), A. Maxmutaliyev (Straus House MChJ direktori, 1995 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan), D. Qutpiddinov (Straus House MChJ direktori o‘rinbosari, 1994 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan) va O. Saidov (Straus House MChJ bosh hisobchisi, 1961 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan)ga nisbatan jinoiy ish jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi sudyasi O. Ilhomjonov raisligida ko‘rib chiqildi.

I. Isroilov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 238-moddasi (yolg‘on guvohlik berish) 3-qismining “a” bandi bilan oqlanib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismining “a”, “v” bandlari, 184-moddasi (soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash)ning 3-qismi, 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish)ning 1-qismi, 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) va 227-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 2-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga uzil-kesil o‘tash uchun 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

A. Maxmutaliyev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismining “a”, “v” bandlari, 184-moddasining 3-qismi, 189-moddasining 1-qismi va 227-moddasi 2-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga uzil-kesil o‘tash uchun 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

D. Qutpiddinov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismining “a”, “v” bandlari, 184-moddasining 3-qismi, 189-moddasining 1-qismi va 227-moddasi 2-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga uzil-kesil o‘tash uchun 8 yil 5 oy 26 kun muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

O. Saidov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismining “a”, “v” bandlari, 184-moddasining 3-qismi, 189-moddasining 1-qismi va 227-moddasi 2-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga uzil-kesil o‘tash uchun 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Qayd etilishicha, jinoyat ishi yuzasidan xatlangan mol-mulk tegishli tartibda jabrlanuvchilarga nisbatan yetkazilgan zararlar o‘rnini proporsional tartibda qoplash uchun qaratilishi belgilandi.

Sudlanuvchilar I. Isroilov, A. Maxmutaliyev, D. Qutpiddinov va O. Saidovlardan solidar tartibda tegishli tartibda davlat foydasiga 222 386 043 so‘m undirilishi belgilandi.

I. Isroilovdan EZOZ MAX va SFS MAX MChJlarning faoliyati yuzasidan jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar undirilishi belgilandi.

I. Isroilov, A. Maxmutaliyev, D. Qutpiddinov va O. Saidovlardan solidar tartibda Straus House MChJning faoliyati yuzasidan jabrlanuvchilar foydasiga yetkazilgan moddiy zarar miqdori undirilishi belgilandi.

Jinoyat ishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamentining ATIB “Ipoteka bank” Mehnat filiali hisob-raqamida saqlanayotgan hamda xatlangan Pokiston Islom Respublikasining Chemikals & Marbels Lahore Pakistan kompaniyasiga tuyaqush jo‘jalarini sotib olish maqsadida shartnomaga asosan ko‘chirilgan 1 854 000 000 so‘m miqdoridagi pullar tegishli tartibda yetkazilgan moddiy zararlarni qoplashga proporsional tartibda qaratilishi belgilandi.

Mavzuga oid