O‘zbekiston | 13:51 / 01.08.2020
93407
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Nukusga jo‘nab ketdi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 avgust kuni Nukus shahriga jo‘nab ketdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, davlat rahbari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, O‘zbekiston Qahramoni Musa Yerniyazov xotirasiga bag‘ishlangan ta'ziya marosimlarida ishtirok etadi.

Eslatib o‘tamiz, 31 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazov vafot etgani ma'lum bo‘ldi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lum qilishicha, Nukus shahrida yashagan 73 yoshli Musa Yerniyazov 24 iyun kuni Covid-19 infeksiyasi tasdiqlangan va akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan Xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Nukus filialiga yotqizilgan.

Unga Covid-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir respirator distress sindrom, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir, poliorgan, o‘tkir jigar va buyrak yetishmovchiliklari, bosh miya shishi, insult kabi asoratlar bilan kechgan. Shuningdek, qandli diabet, gipertoniya, arterial gipertenziya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Bemor bir necha yildan buyon qandli diabet, gipertoniya, yurak ishemik kasalligi bilan davolanib yurgan va nazoratda turgan. Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli asosiy kasallik hisobiga keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Mavzuga oid