O‘zbekiston | 09:41 / 04.08.2020
11757
2 daqiqa o‘qiladi

Turdimov Samarqandda o‘n minglab ish o‘rni borligini aytdi

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov qator sohalarda mavjud bo‘lgan viloyatdagi ish o‘rinlari haqida aholiga ma'lumot berdi.

Foto: Samarqand viloyati hokimligi

«Pandemiya sharoitida fuqarolar tomonidan «ish yo‘q» degan juda ko‘plab murojaatlar bo‘lmoqda. Shu kecha kunduzda Samarqand viloyatida birgina qurilish sohasida 8,5 mingdan ko‘proq vakant ish o‘rni bor. Misol uchun, «ENTER Engineering» kompaniyasida 4100ta (oylik maoshi 1,5 milliondan 5 million so‘mgacha), «AGROMIR BUILDINGS» qurilish korxonasida 1200ta (oylik maoshi 1,5 milliondan 3 million so‘mgacha) ish o‘rni bor. Ularda ishchilar yotoq joy va issiq ovqat bilan ta'minlanadi. Shuningdek, viloyatdagi tekstil va yengil sanoat korxonalarida 3,5 mingdan ko‘proq bo‘sh ish o‘rni mavjud».

Viloyat hokimi yana qator korxonalardagi ish o‘rinlari haqida birma-bir sanab o‘tdi.

«Viloyatda bugungi kunda 78 ming gektar maydonda ekilgan takroriy ekinlarni parvarishlash uchun 10 mingdan ziyodroq ishchi kuchiga talab mavjud.

Bundan tashqari, 754 nafar o‘qituvchi-pedagog xodimlar, 648 nafar sog‘liqni saqlash tizimining turli yunalishlarida oliy ma'lumot talab etiladigan bo‘sh ish o‘rinlari bor. Bu joylarga ayniqsa, oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilarining ishga joylashishi maqsadga muvofiq bo‘lardi. Yil oxirigacha viloyatda 21 ming 800ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Shu bilan bir qatorda joriy yil yakuni bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj «Temir daftar»dagi fuqarolarga shaxsiy tomorqa xo‘jaliklarida yengil konstruksiyali issiqxona, urug‘lik, ko‘chatlar hamda sug‘orish vositalarini xarid qilish uchun 16,5 milliard so‘m subsidiya mablag‘lari ajratish hisobiga 3 351 nafar fuqaroning bandligi ta'minlanadi», dedi Turdimov viloyat hokimligida o‘tkazilgan brifingda.

Hokim ishga joylashish istagida bo‘lgan fuqarolar shaharlar va tumanlardagi aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga murojaat qilishlarini so‘radi.

Mavzuga oid