Jahon | 19:25 / 05.08.2020
57578
7 daqiqa o‘qiladi

Bayrutda rossiyaliklardan musodara qilingan selitra portlagan

Livan prezidenti Mishel Aun chorshanba kuni Bayrutdagi portlash 2,75 ming tonna miqdoridagi ammiak selitra tufayli ro‘y bergani haqida rasman ma'lum qildi.

Foto: Tony Vrailas / Marinetraffic.com / EPA / Scanpix / LETA

Bu Livanda 2014 yilda rossiyaliklar kemasidan musodara qilingan va yo‘q qilish uchun omborxonada saqlab kelingan selitra bo‘lgan. Livandagi LBCI telekanali mudofaa bo‘yicha oliy kengashga asoslanib xabar qilishicha, aynan shu yuk portlash manbayi bo‘lgan.

Yuk tarixi va kemaning rossiyalikka tegishli bo‘lgani haqida kemaning sobiq kapitani Boris Prokoshev «Sibir. Realii» nashriga bergan intervyusi haqida aytib o‘tgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, selitra ortilgan kema rossiyalik Igor Grechushkinga tegishli bo‘lgan va Bayrut portida 2014 yilda port yig‘imi to‘lanmagani uchun ushlab qolingan.

Prokoshevning so‘zlariga ko‘ra, Livan hukumati Grushechkin to‘lov qilmagani uchun uzoq vaqtgacha dengizchilarni qo‘yib yubormagan.

Kemada jami to‘rt dengizchi qolgan - kapitan Prokoshev, u Rossiya fuqarosi va uch ukrainalik. Ular yoqilg‘ini sotishgan va oqlovchi yollashgan. Bu advokat ularga uyga qaytishga yordam ko‘rsatgan. Kapitanning aytishicha, yuk Transport vazirligi nazoratida omborxonaga o‘tkazilgan, kema esa cho‘ktirib yuborilgan. 

Kapitanning so‘zlari 2014 yilda matbuotda tarqalgan ma'lumotlarga mos keladi.

Bu nomdagi kema 2 750 tonna selitra bilan Bayrut portida qo‘lga tushgani haqida 2015 yilda shiparrested.com sayti xabar bergandi. Materialda Moldaviya bayrog‘i bilan harakatlangan bu kema Gruziyaning Batumi shahridan Mozambikka qarab yo‘l olgani, ammo 2013 yil sentyabrida rejadan tashqari to‘xtab, bortdagi nosozlikni bartaraf etish uchun Bayrut portiga kirgani aytilgan.

Livanlik inspektorlar kemada o‘tkazilgan tekshiruvdan keyin unga portni tark etishga ruxsat bermagan. Ekipajning asosiy qismi qo‘yib yuborilgan, faqat to‘rt dengizchi kemada qolgan, kema egasi bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmagan.

2014 yil iyulida Ukrainadagi odessitua.com portali Rhosus kemasida qolgan to‘rt dengizchining maktubini e'lon qilgan, unda dengizchilar o‘zlarini «asirlikdan qutqarish»ni so‘ragan.

Xabarda kemaning amaldagi egasi Rossiya fuqarosi, asli Xabarovskdan bo‘lgan, o‘sha vaqtda Kiprda yashagan Igor Grechushkin ekani aytilgan. 

«Janob Grechushkin Igor kemani va ekipajni o‘z holiga tashlab qo‘ydi. Ekipajning yashashi uchun umuman pul berilmadi, kemani butunlay unutdi... Aytishlaricha, bankrot bo‘lgan», degandi kema kapitani Boris Prokoshev.

Dengizchilar kemada bir yilcha yashashgan va faqat 2014 yilning sentyabriga kelib vatanga qaytishgan.

MarineTraffic xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, Rhosus kemasi turgan joy so‘nggi marta 2014 yil noyabrida - dushanba kuni portlash ro‘y bergan hududda qayd etilgan.

Livanning LBCI telekanali ma'lumotiga ko‘ra, Mudofaa bo‘yicha oliy kengash yig‘ilishida Rhosus kemasi Afrikaga yo‘l olgani, ammo suzish vaqtida shikastlangani uchun Bayrut portiga kirgan bo‘lgani haqida aytilgan.

Shuningdek, kemadan musodara qilingan 2 750 tonna ammiak selitrasi portning 12-prichaliga joylashtirilgan, bu yerda yuk utilizatsiya qilinishi kerak bo‘lgani, ammo «yaqinda o‘tkazilgan tekshiruvda omborxonada tuynuk bo‘lgani va u yerdan ichkariga osonlik bilan kirish mumkin bo‘lgani aniqlangani» haqida ma'lum qilingan.

Kanal ma'lumotiga ko‘ra, portlash bu tuynukni yopish uchun qilinayotgan payvandlash ishlari vaqtida kelib chiqqan: «uchqun pirotexnika moddalari alangalanishiga sabab bo‘lgan, bu o‘z navbatida ekvivalenti 1800 tonna trotilga teng bo‘lgan 2 750 tonna nitrat ammoniyni portlatgan.

AFP

Grechushkin haqida nimalar ma'lum?
Igor Grechushkin 1977 yilda Uzoq Sharqda, Vanino posyolkasida tug‘ilgan.

LinkedIn saytidagi ma'lumotlarga ko‘ra, u Xabarovskdagi Uzoq Sharq davlat xizmatlari akademiyasida o‘qigan. 1990-yillarning ikkinchi yarmida u Kiprning «Dartmont Shipping Limited» kompaniyasiga mahalliy vakil bo‘lib ishga kirgan. Bu kompaniya vaninolik biznesmen Viktor Danilovga tegishli bo‘lgan.

2000-yillarning birinchi yarmida Grechushkin o‘g‘irlik uchun qamalgan. Vaninoda Grechushkinning qarindoshlari bor.

BBC Grechushkin bilan bog‘lana olmagan. Uning o‘zi ham messenjerlardagi xabarlarga javob qaytarmagan.

Selitra bilan bog‘liq portlashlar bo‘lib turadimi?

Bayrutning port mavzesida 4 avgust kuni kuchli portlash yuz berdi. Undan avval yana bir, kuchsizroq portlash kuzatilgan. Ikkinchi portlashning to‘lqini kuchi 3,3 magnitudali zilzilaga teng seysmik to‘lqinlarni keltirib chiqardi. Bu hatto Livandan 240 kilometr masofada joylashgan Kiprda ham sezilgan. Bayrutning o‘zida esa portlash joyidan 10 kilometr masofada joylashgan binolar zarar ko‘rgan: ularning oynalari sinib ketgan va balkonlari ko‘chib tushgan. Shaharning zarar ko‘rgan hududlarida avtomobillar portlash sabab ag‘darilib ketgan, ko‘chalar vayron bo‘lgan bino bo‘laklariga to‘lgan.

Bayrut gubernatori Marvon Abbudning ma'lum qilishicha, portlashdan ko‘rilgan zarar miqdori 3 mlrd dollardan 5 mlrd dollargacha va hatto undan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Bayrut portidagi portlashlar oqibatida halok bo‘lganlar soni 100 nafardan oshgan, 4 mingdan ortiq kishi jarohatlangan.

Britaniya qishloq xo‘jaligi sohasi Konfederatsiyasi rahbari Jo Gilberson BBC bilan suhbatda ammiak selitra bilan bog‘liq portlashlar juda kam kuzatilishini aytib o‘tgan. Ammo bunday portlashlar sodir bo‘lganda juda og‘ir oqibatlarga olib kelgan.

U misol sifatida 1921 yilda Germaniyaning Oppau shahridagi ximiya zavodida va 1947 yilda Amerikaning Teksas-Siti shahrida sodir bo‘lgan hodisalarni keltirgan.

Ikki fojiada ham kamida 500 nafardan odam halok bo‘lgan.

2015 yilda esa Xitoyning Tyanszin portida ro‘y bergan portlash oqibatida 173 kishi halok bo‘lgan.

Mavzuga oid